VI. PARDOZXONA

Tong otdi. Yerdagi so‘nggi tong. Derazadan parishonlik bilan tashqariga qaradim — oftob charaqlab turibdi. Ishtaham bo‘lmasa ham zo‘rma-zo‘raki nonushta qilib, yer mikroblaridan «tozalanish» uchun jo‘nadim. Bu tadbir bir soatdan ko‘pga cho‘zil di. Vrach-bakteriolog meiga qandaydir aqlga sig‘maydigan raqamlar — kiyimimga in qurgan milliardlab mikroblar haqida gapirdi. Buni qarangki, men o‘zim bilan birga terlama, ichterlama, yurakburugi, tumov, ko‘kyo‘tal, sal bo‘lmasa vabo kasalini olib yurgan ekanman. Qo‘llarimdan sil mikroblari va yiringlatuvchi tayoqchalar topildi. Botinkalarimda kuydirgi mikrobi bor ekan. Cho‘ntaklarimdan qoqshal mikroblari chiqdi. Paltomning choklarida qaytalaydigan isitma, oqsil kasali mikroblari uya qurgan ekan. Shlyapamda esa quturish, qora chechak, saramas, yana allanimabalolar… Qo‘ying-chi, bu yangiliklardan tamom esankirab qoldim. Qanchadan-qancha ko‘zga ko‘rinmas dushmanlar meni qulatish uchun payt poylab turgan ekan-a! Nima bo‘lganda ham Yerning xatarli tomonlari bor. Mana shu o‘y menda yulduzlar olamiga sayohat qilishga andak mayl uyg‘otdi.

Mening oshqozon va ichaklarimni yuvishib, tanamga qandaydir notanish apparatlar yordamida nur yuborishdi. Bu apparatlar badanimdagi zararli mikroblarni o‘ldirishi kerak edi. Men juda qiynalib ketdim.

— Doktor, — dedim men. — Bu ehtiyotkorlikdan foyda yo‘q. Kamerangizdan chiqishim bilan mikroblar yana menga yopishib olady.

— To‘g‘ri, lekin siz hech bo‘lmaganda katta shahardan ilashib kelgan mikroblardan xalos bo‘ldingiz. Leningradning markazidagi bir kub metr havoda minglab, bog‘larda yuzlab, Isaakiy tepaligida esa atigi o‘nlab bakteriyalar bor. Bizda, Pomirda bo‘lsa ular judayam oz. Sovuq va oftob nuri, changning yo‘qligi, havoning quruqligi — bularning hammasi ajoyib dezinfektorlardir. Ketsda siz yana «pardozxona» ga tushasiz. Hozir biz faqat xomaki tozalashdan o‘tkazdik. U yerda esa juda sinchiklab tozalashadi. Qalay, ma’qul emasmi? Lekin iloj qancha. Shunisi yaxshiki, hech qanday yuqumli kasallik bilan og‘rimasligingizga imoningiz komil yurasiz. Harholda u yerda bunday xavf juda kam. Bu yerda esa har qadamda biror kasallik poylab turadi.

— Menga juda tasalli berdingiz, — dedim dezinfeksiya qilingan ko‘ylakni kiya turib, — faqat kuyib ketmasam, bo‘g‘ilib qolmasam, yana haligi…

— Gap kuyib ketish yoki bo‘g‘ilib qolish ustida bo‘lsa, bu falokatlar yerda ham yuz berishi mumkin, — deb gapimni bo‘ldi doktor.

Ko‘chaga chiqqanimda avtomobilimiz bizni yo‘l chetida kutib turardi. Ko‘p o‘tmay dezinfeksion kameraning ayollar bo‘limidan Tonya ham chiqib keldi. U menga bir jilmayib qo‘ydi-da, yonimga o‘tirdi. Avtomobil yo‘lga tushdi.

— Qalay, yaxshi cho‘mildingizmi?

— Ha, ajoyib hammom ekan. Uch yuz kvadrillion ikki yuz trillion yuz billion mikrobni yuvib tashladim.

Men Tonyaga qaradim. Uning ruhi tetik, ikki yuzi qizarib, tiniqlashgan. Biz xuddi istirohot bog‘iga ketayotganday, u juda xotirjam edi. Harholda, u bilan uchishga rozi bo‘lib yaxshi qilgan ekanman…

Tush payti. Quyosh naq tepamizda turibdi. Osmon xuddi tog‘ billuriday ko‘m-ko‘k, beg‘ubor. Qorli cho‘qqilar, harakatsiz muz daryolari yarqiraydi, pastda tog‘ soylari va shalolalari shovillaydi, undan ham pastda ko‘m-ko‘k dalalar yastalgan, xuddi parchaparcha qor laxtaklariday bo‘lib qo‘y podalari o‘tlab yuribdi u yerlarda. Oftobning kuydirishiga qaramay, shamol muzdek tog‘ nafasini ufuryapti. Yerimiz qanday go‘zal-a! Bir necha minutdan so‘ng men uni tark etib, zim-ziyo ko‘k qa’riga uchaman. Rost gap, bu haqdagi romanlarni o‘qigan durust ekan…

— Ana bizning rakyotamiz! — deb qichqirdi Tonya quvonch bilan. — U xuddi baliq pufagiga o‘xshaydi. Qarang, semiz doktor bizni kutib turibdi.

Avtomobildan tushdik, odat bo‘yicha doktorga qo‘l uzatgan edim, u darrov qo‘lini orqasiga yashirdi.

— Dezinfeksiyadan o‘tganingizni unutmang. Yerdagi biror narsaga qo‘l tekiza ko‘rmang.

Hayhot, men yerdan ajralib qoldim. Yaxshiki, Tonya ham endi «yerniki» emas. Men uni qo‘ltig‘idan oldim. Biz raketaga qarab yurdik.

— Mana bizning farzandimiz, — dedi doktor raketani ko‘rsatib. — Ko‘ryapsizlarmi — uning g‘ildiraklari yo‘q. U po‘lat izlarda yurmaydi, balki po‘lat novlar ustida sirg‘anadi. Raketa korpusida sharlar uchun maxsus chuqurchalar bor, raketa ana shu sharlar ustida yuradi. Tezlikni oshirish uchun yerdagi elektrostansiya quvvat beradi. Metall nov sim vazifasini bajaradi… Ko‘rinishingiz yomon emas. Ko‘nikyapsizmi? Durust, durust. Osmondagilarga mendan salom aytinglar. Iltimos, vrach Anna Ignatyevna Meller «Kets-besh» raketasidagilardan oylik hisobotni berib yuborsin. U juda go‘zal juvon. Dunyoda eng kam tajribaga ega bo‘lgan doktor. Lekin ishi o‘ziga yetarli…

Sirenaning chinqirig‘i doktorning so‘zlarini bosib ketdi. Raketa lyuki ochildi. Pastga narvon sirgalib tushdi.

— Qani, endi vaqt bo‘ldi! Yaxshi boringlar, — dedi doktor yana ogohlantirganday qo‘lini orqasiga qilib. — Xat yozib turinglar.

Narvonning atigi o‘nta zinasi bo‘lsa ham yuqoriga ko‘tarilguncha yuragim o‘ynab ketdi. Orqamdan Tonya, uning ketidan mexanik kirdi raketaga. Uchuvchi allaqachon o‘z o‘rnida o‘tirardi. Biz lampochka yoritib turgan torgina kameraga bazo‘r joylashdik. Kamera kichkina liftning kabinasini eslatardi.

Eshik asta yopildi. «Tobutning qopqog‘iga o‘xshaydi», — degan o‘y o‘tdi ko‘nglimdan.

Yer bilan aloqa uzilgan edi.

Загрузка...