XXI. NIHOYAT O‘ZIMNI TUTA BILDIM

Ertasi kuni zoolaboratoriyamda Zorina bilan ishlab o‘tirardim. Viz kosmik nurlar ta’siridan saqlovchi maxsus izolyatsion kostyumlar kiyib olgan edik. Tepamizda izolyatsion to‘siqlar bor edi. Faqat tajriba qilinayotgan hayvonlar ustiga kosmik nurlar yomg‘irdek yog‘ilib turardi.

Zorina menga Faleyevning tuzala boshlaganini aytdi. Uning gavdasi va yuzi avvalgi holiga qayta boshlabdi. Ruhiy holati ham yaxshilanayotgan emish. Garchi Meller tuzalishiga umid bog‘lasa ham, Kramerning ahvoli hanuz oir emish.

Laboratoriya eshigi ochilib, kutilmaganda Tonya paydo bo‘ldi.

— Men uchib ketyapman, Lenya! — dedi u. — Xayrlashish uchun kirdim.

Zorina bizga xalaqit bermaslik uchun laboratoriyaning narigi burchiga uchib ketdi. Tonya uning orqasidan qarab qolarkan:

— Sening qolayotganing chakki bo‘lyapti-da, — dedi astagina.

— Hechqisi yo‘q, ayriliq ko‘pga cho‘zilmaydi, — dedim men.

Shu payt yonimizga Jipsi uchib keldi.

— Esingdami, Tonya, kosmik nurlar ta’siri haqida gapirib bergan edim? Qara, Jipsi ne ahvolga tushgan.

— Qanday dahshat! — deb xitob qildi Tonya.

Jipsi jilmayib, dumini likillatdi.

— Senga endi bu yerda qolish xavfli, — dedi Tonya. — Oldimga mana bu maxluqqa o‘xshab kirib borsang-a.

— Xavotirlanma. Manovi kostyum va «zontik» lar tanamni, boshimni va… senga bo‘lgan muhabbatimni avaylab, asraydi!

Tonya menga ishonqiramay qaradi.

— O‘zing bilasan! — dedi u va men bilan samimiy xayrlashib, chiqib ketdi.

— Eh, Jipsi, ikkovimiz so‘qqabosh bo‘lib qoldik! — dedim men.

Jipsi qo‘limni yaladi.

Загрузка...