I. QORASOQOL BILAN UCHRASHUV

Arzimagan bir voqea taqdirimni hal qiladi, deb kim o‘ylabdi deysiz.

U paytda bo‘ydoq edim, ilmiy xodimlar turadigan binoda istiqomat qilardim. Leningradning bahor oqshomlaridan birida ochiq derazadan xiyobondagi yashil momiq bilan qoplangan daraxtlarni tomosha qilib o‘tirardim. Uylarning yuqori qavatlari botayotgan quyoshning sarg‘ish nurida cho‘milar, pastki qavatlar esa ko‘kimtir qorongilik qa’riga g‘arq bo‘lmoqda edi. Uzoqdan Neva daryosi va Admiralteystvo qubbasi yarqirab ko‘rinardi. Oqshom nihoyatda so‘lim edi, faqat kuy yetishmasdi, xolos. Radiopriyomnigim buzilib qolgan edi. Qo‘shni xonadan taralayotgan mayin bir kuy devorlarga urilib, qulogimga elas-elas eshitilardi. Shu tobda qo‘shnilarimga havasim kelib ketdi va nihoyat, qo‘shnim Antonina Ivanovna radiopriyomnigimni osongyna tuzatib berishi mumkin-ku, degan fikrga keldim. Men u qiz bilan yaxshi tanish emasdim, lekin fizika-texnika institutida assistent bo‘lib ishlashiyi bilardim. Har gal zinada uchrashib qolganimizda bir birimizga muloyimgina ta’zim qilib o‘tardik. Shuning o‘zi unga yordam so‘rab murojaat qilishimga to‘la huquq beradiganday tuyuldi nazarimda.

Hayal o‘tmay qo‘shnim eshigidagi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdim.

Eshikni Antonina Ivanovna ochdi. U yigirma besh yoshlardagi suluv qiz edi. Uning katta-katta quvnoq qo‘yko‘zlari kishiga andak istehzo bilan takabburona boqar, qirra burni esa chehrasiga qandaydir jo‘shqinlik ifodasini bahsh etardi. Egnidagi jo‘ngina tikilgan qora movut ko‘ylagi qomatini quchib turardi.

Negadir birdan dovdirab qoldim va shosha-pisha, uzuq-yuluq qilib kelishimning sababini tushuntirdim.

— Bu zamonda radiotexnikani bilmaslik uyat, — deb gapimni bo‘ldi u hazil aralash.

— Men biologman, — dedim o‘zimni oqlamoqchi bo‘lib.

— Lekin hozir maktab bolalari ham biladi radiotexnikani.

U shunday deya tekis tishlarini yarqiratib kularkan, ta’nasini yumshatganday, oradagi noqulaylik sal ko‘tiralganday bo‘ldi.

— Yuring, ichkariga kiraylik, choyimni ichib bo‘lib, priyomnigingizni davolagani boraman.

Men bajonu dil ergashdim.

Keng oshxonadagi dumaloq stol yonida semiz, ikki yuzi qipqizil, ochlari oppok ayol — Antonina Ivanovnaning onasi o‘tirardi. U men bilan quruqqina ko‘rishib choyga taklif qildi.

Men rad etdim. Antonina Ivanovna choiini ichib bo‘lgach, biznikiga chiqdik.

U priyomnikni g‘oyatda chaqqonlik bilan qismlarga ajratdi. Men uning uzun, harakatchan barmoqlariga havas bilan tikilardim. Biz ko‘p gaplasholmadik. Qiz apparatni birpasda tuzatib, chiqib ketdi.

Bir necha kungacha faqat u haqda o‘ylab yurdim, yana kirmoqchi bo‘lardimu, biroq hech bahona topolmasdim. Nihoyat, aytishga ham uyaladi kishi, priyomnigimni atayin buzib qo‘ydim… Keyin uning oldiga kirdim.

Qiz priyomnikni ko‘zdan kechirib chiqdi-yu, menga masxaraomuz qarab qo‘ydi-da:

— Priyomnigingizni tuzatmayman, — dedi.

Mening lavlagim chiqib ketdi.

Ammo ertasi kuni yana kirdim — bu gal priyomnigim juda yaxshi ishlayotganini aytish uchun kirdim. Shunday qilib, Tonyani ko‘rib turish, — men uni o‘zimcha shunday deb atardim, — men uchun hayotiy ehtiyojga aylanib qoldi.

Qiz men bilan do‘stona munosabatda bo‘lardi, lekin men uning nazarida kabinetda o‘tirib qolgan olim, tor doiradagi mutaxassis, raditexnikadan bexabar, xarakteri bo‘sh, tabiati o‘z laboratoriyasi yoki kabinetiga mukka tushib olgan chollarnikiga o‘xshagan bir kishi edim. Har uchrashganimizda u talay ko‘ngilsiz gaplarni uyib tashlar va xarakterimni o‘zgartirishni maslahat berardi.

Mening izzat-nafsim haqoratlangan edi. Qaytib unikiga kirmaslikka qaror qildim, lekin, albatta, buning uddasidan chiqolmadim. Buning ustiga, o‘zim ham sezmay xarakterimni o‘zgartira boshladim: ko‘proq sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan bo‘ldim, chang‘i, velosiped va hatto radiotexnikaga oid kitoblar sotib oldim.

Bir kuni Leningrad ko‘chalarida sayr qilib yurib, Yigirma Beshinchi Oktabr ko‘chasi bilan Uchinchi Iyul ko‘chasining muyulishida timqora soqolli yoshgina bir kishini ko‘rib qoldim.

U menga diqqat bilan bir oz tikilib turdi-da, keyin istiqbolimga shaxdam yurib kela boshladi.

— Kechirasiz, siz Artemyev emasmisiz?

— Shunday, — javob berdim men.

— Siz Nina… Antonina Gerasimovani taniysizmi? Men yeizni bir kuni u bilan ko‘rgan edim. Men unga Yevgeniy Paley haqida ba’zi narsalarni aytmoqchi edim.

Shu payt notanish kishining oldiga avtomobil kelib to‘xtadi.

— Tezroq! Tezroq bo‘ling! Kechikamiz! — deb qistadi shofyor.

Qorasaqol mashinaga sakrab chiqib oldi.

— Aytib qo‘ying — Pomir, Kets… — deb qichqirdi u mashina gizillab borarkan.

Avtomobil tezda g‘oyib bo‘ldi.

Uyga bir alfozda qaytdim. Bu odam kim? Familiyamni qayoqdan biladi? Meni Tonya bilan yoki u aytgancha Nina bilan, qayerda ko‘rgan ekan? Hamma tanishlarimni bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tkazib chiqdim… Bunday qirraburun va qop-qora cho‘qqisoqol albatta esda qolishi kerak. Yo‘q, men bu odamni ilgari uchratmaganman… U tilga olgan Maley-chi? U kim bo‘ldi?

Tonyaning oldiga kirib, bu g‘alati uchrashuv haqida gapirib berdim. Hamisha ogir vazmin bu qiz birdan hayajonlanib ketdi. Paleynpng nomini eshitib hatto qichqirib yubordi. Uchrashuvni butun tafsilotlari bilan qaytadan gapirib berishga majbur qildi, keyin nega u odam bilan birga mashinaga o‘tirib, hamma gapni so‘rab olmadingiz, deb koyishga tushdi.

— Tavba, juda qo‘ymijoz odamsiz-da! — dedi u so‘zini tugatib.

— To‘g‘ri, — javob berdim men jahl bilan. — Amerikaning sarguzasht filmlaridagi qahramonlarga sirayam o‘xshamayman va bu bilan faxrlanaman. Notanish odamning mashinasiga chiqib olish… Afv etasiz.

U o‘yga botdi, mening so‘zlarimga quloq ham solmay, xuddi alahsiraganday o‘zicha pichirlay boshladi:

— Pomir… Kets… Pomir… Kets…

Keyin kitob javonini titkilab, Pomir xaritasini oldi va Kets degan lsoyni qidira ketdi.

Ablatta xaritada Kets degan joy ko‘rsatilmagan edi.

— Kets… Kets… Agar bu shahar bo‘lmasa, nima o‘zi: kichkina qishloqmi, ovulmi, biron tashkilotmi?.. Ketsning nimaligini bilish kerak! — deb xitob qildi u. — Shu bugunoq yoki ertaga ertalabdan qoldirmay qanday qilib bo‘lmasin bilish kerak.

Tonyani taniyolmay qoldim. Bamaylixotir va tartib bilan ishlaydigan bu qizda shuncha kuch-g‘ayrat borligini ko‘rib hayratda qoldim. Bu o‘zgarishga faqat bir so‘z — Paley degan sehrli so‘z sabab bo‘lgan edi. Men undan Paleyning kimligini so‘rashga jur’at qilolmadim, uyga chiqib ketdim.

Yashirib o‘tirmayman, o‘sha kecha uxlay olmadim, ta’bim juda xira edi, ertasi kuni Tonyaning oldiga chiqmadim ham. Ammo kechqurun uning o‘zi kirib keldi. U odatdagiday muloyim va xotirjam edi. Stulga o‘tirib, gap boshladi:

— Ketsiing nimaligini aniqladim: bu Pomirdagi hali xaritaga kiritilmagan yangi shahar ekan. Ertaga o‘sha yoqqa jo‘naymai, siz ham men bilan birga borishingiz kerak. Men qorasoqolli kishini tanimayman; siz uni topishga yordam berasiz. Axir Paley haqida ma’lumotga ega bo‘lgan odamning familiyasini bilib olmaganligingiz sizning gunohingiz-ku, Leonid Vasilyevich.

Men hangu mang bo‘lib qoldim. Shu yetmayotgan edi-da, o‘ziyam. Labortoriyani, ilmiy ishimni tashlab, qandaydir Paley ismli kimsani qidirib, Pomirga borar emishman-a!

— Antonina Ivanovna, — dedim men quruqqina qilib. — Ilmiy tajribalarimning samarasini faqat birgina tashkilot kutmayotganini yaxshi bilasiz. Hozir, jumladan, mevalarning iishishini to‘xtatib turish masalasiga bag‘ishlangan ishimni tugallayapman. Bu tajriba anchadan beri Amerikada olib borillyapti, bizda ham boshlangan bu ish. Ammo natija hali-hozircha quvontirarli emas. Eshitgan bo‘lsangiz kerak, o‘rik, mandarin, shaftoli, apelsin, behi va shunga o‘xshash mahalliy mevalardan turli xil mahsulotlar tayyorlaydigan janubdagi konserva fab rikalari bir-bir yarim oy qattiq ishlab, yiliga o‘n-o‘n bir oy bekor turishadi. Bunga sabab, mevalarning deyarli bir vaqtda pishishi va ularni birdaniga ishlatishning imkoniyati yo‘qligida. Shuning uchun ham har yili hosilning qariyb o‘ndan to‘qqiz qismi nobud bo‘ladi.

Yiliga o‘n oy bekor turadigan fabrikalar sonini ko‘paytirishning ham foydasi yo‘q. Shu vajdan menga yozda Armanistonga borib, o‘sha yerning o‘zida mevalarning pishishini sun’iy ravishda kechiktirish yuzasidan g‘oyat muhim tajriba o‘tkazish topshirilgan. Tushunyapsizmi? Mevalar hali go‘raligida terib olinadi, keyin zavodlarning ulgurishiga qarab asta-sekin pishib boraveradi. Shunday qilib, zavodlar ishsiz qolmaydi…

Tonyaga qarab duduqlanib qoldim. U so‘zimni bo‘lmadi, uning bunaqa odati yo‘q edi, ammo chehrasi borgan sari xiralashib borardi. Peshanasida, ikki qoshining orasida ajinlar paydo bo‘lib, qovoqlari osilib ketdi. Uzun kipriklarini ko‘targanida ko‘zlaridagi nafratini payqadim:

— Jamoatchi-olimni ko‘ringlar-a! — dedi u sovuq ohangda. — Men ham Pomirga o‘ynagani emas, ish bilan ketyapman. Qanday qilib bo‘lmasin Paleyni qidirib topishim kerak. Safar ko‘pga cho‘zilmaydi. Mevalar pishgunicha Armanistonga yetib ham borasiz…

Nima desam ekan! Axir unga meni qanday noqulay ahvolga solib qo‘yayotganini aytolmayman-ku! Sevgan qizing bilan allaqanday Paley degan kimsani, balki o‘z raqibingni qidirib yurish… Bu qanday gap! To‘g‘ri, u o‘ynagani emas, ish bilan ketyapman deyapti. Lekin uning Paleyda nima ishi bor ekan? Buni so‘rashga g‘ururim yo‘l bermadi. Bo‘ldi, yetar. Sevgi ishga xalaqit beryapti. Ha, ha! Ilgari laboratoriyada yarim kechagacha o‘tirardim, endi esa soat to‘rt bo‘lar-bo‘lmas jo‘nab qolaman. Men unga yana bir bor rad javobini bermoqchi bo‘lib turgan edim, yana Tonyaning o‘zi gap boshlab qoldi:

— Mayli, bir o‘zim boradiganga o‘xshayman, — dedi u o‘rnidan turayotib. — Bu ishni ancha qiyinlashtiradi, biroq, sizning yordamingizsiz ham qorasoqolni topib olarman balki. Xayr, Artemyev. Muvaffaqiyatli pishishingizni tilayman.

— Menga qarang, Antonina Ivanovna!.. Tonya!..

Ammo u allaqachon chiqib ketgan edi.

Orqasidan borsammikin? Qaytarsammikin? Mayli, roziman, deymi?.. Yo‘q, yo‘q! Bir gapda turish kerak. Hozir shunday qilmasam, keyin rasvo bo‘ladi.

Darhaqiqat, o‘sha kuni kechqurun, tun bo‘yi, ertasiga ertalab ham gapimda turdim. Laboratoriyadagi tajribam — olxo‘rilarga qaragim ham kelmasdi.

Tonya, albatta, yolg‘iz jo‘naydi. U hech qanday qiyinchilikdan qo‘rqmaydi Qorasoqolni va u orqali Paleyni topgach, Pomirda nima voqea yuz berarkin? Agar u bilan birga bo‘lganimda hamma narsani bilib olardim. Tonya bilan birga bormasam — bu aloqa uzildi degan so‘z. Keta turib bekorga «xayr» degani yo‘q. Lekin, baribir bir gapda turish kerak. Hozir shunday qilmasam, keyin rasvo bo‘ladi.

Ablatta, men bormayman. Lekin judayam johil bo‘lish kerak emas-da. Tonyaga yo‘l hozirligini ko‘rishda yordam berish oddiy bir iltifot-ku.

Xullas, soat hali to‘rt ham bo‘lmasdan to‘rtinchi qavatdan oyog‘imni qo‘limga olib pastga otildim: Amerika filmlaridagi qahramonlardan qolishmay yurib ketayotgan trolleybusga sakrab chiqib olib, uyga jo‘nadim. Chamamda, Tonyalarnikiga taqillatmasdanoq kirib borgan bo‘lsam kerak. Eshikdan kira solib:

— Siz bilan boraman, Antonina Ivanovna! — deb qichqirdim.

Bu xitob qaysi birimiz uchun kutilmagan bo‘lishini aniq bilmayman, nazarimda, men uchun bo‘lsa kerag-ov!

Shunday qilib, men ajoyib-g‘aroyib sarguzashtlar girdobiga tushib qoldim.

Загрузка...