XII. TYURIN MASHQ QILADI

Kramer meni skafandrini yechmasdan kutib turgan ekan, aftidan, u shoshayotgan bo‘lsa kerak. Men tez kiyindim. Hamrohim atmosfera bosimini oxirigacha pasaytirib, tashqi eshikni ochdi. u meni o‘z oldida mahkam ushlagancha observatoriya devoridan yoni bilan sirg‘alib asta ajraldi-da, Kets Yulduziga qarab yo‘l oldi. Bir necha marta «o‘q uzgan» edi, biz juda tez uchib ketdik. U meni endi qo‘yib yuborishi ham mumkin edi, lekin, aftidan, mening «uchuvchilik san’atim» ga ishonmadi shekilli, mahkam tirsagimdan ushlab olgancha orqamda borardi.

Yaqinlashib kelayotgan Kets Yulduziga qarab, uning o‘z o‘qi atrofida juda tez aylanayotganini payqadim. Nazarimda, oranjereya tuzatib bo‘lingan va ilgarigidan ko‘proq sun’iy og‘irlik kuchi hosil bo‘lgan ko‘rinardi.

Aylanib turgan parrakka qo‘nish oson ish emas. Lekin Kramer buning ham yo‘lini topdi. U Yulduz silindrining ustida uning aylanishi bo‘ylab ucha boshladi. Shunday qilib, bizning tezligimiz silindr tezligi bilan baravarlashgach, u halqadan mahqam ushlab oldi.

Yechinishga ulgurmasimdan Meller chaqirtirib qoldi.

Raketada og‘irlik qanchalik ortganini aniq bilmayman. Harholda Yerdagi og‘irlikning o‘ndan bir qismidan ko‘p emas. Lekin badanning menga tanish, yoqimli tarangligini his qildim. Uz oyog‘ing bilan «pol» da «yurish», yana o‘zingni odatdagi qiyofada tasavvur etish juda ko‘ngilli bo‘larkan.

Men Meller huzuriga dadil kirib bordim.

— Salom, — dedi u. — Tyuringa odam yubordim. U hozir keladi. Xo‘sh, qalay?

— Ajoyib odam, — javob berdim men. — Lekin men boshqacharoq…

— Yo‘q, — deb gapimni bo‘ldi Melder. — Ahvoli qalay? Men vrach sifatida so‘rayapman.

— Juda rangpar. Yuzi bir oz shishinqirgan…

— Albatta-da. U toqat qilib bo‘lmaydigan darajada turmush kechiryapti. Axir, observatoriyada kichkina bog‘, gimnastika zali, muskullarni mashq qildirish uchun maxsus apparatlar bor, lekin u sog‘lig‘i haqida mutlaqo o‘ylamaydi. Rostini aytsam, Tyurinni Oyga jo‘natishga direktorni o‘zim ko‘ndirganman, uning hayot tarzini tubdan o‘zgartirish uchun bundan keyin ham qattiq turaman, aks holda biz bu ajoyib insondan ayrilib qolamiz.

Tyurin kirib keldi. Yaxshi yoritilgan ambulatoriyada uning chehrasi yana ham so‘nik ko‘rindi. Buning ustiga, oyoq paylari harakatdan to‘xtagan, balki, qisman ishdan chiqqanga ham o‘xshardi. U oyoqda zo‘rg‘a turardi.

Tizzalari bukilib ketar, oyoqlari qaltirar, u esa noiloj qo‘llarini silkirdi. Agar uni hozir Yerga tushirishsa, o‘zini xuddi to‘lqin sohilga chiqarib tashlagan kitday his qilsa ajab emas.

— Uzingizni qanday ahvolga solib qo‘yibsiz! — dedi Meller ta’na bilan. — Odam ham shunaqa bo‘ladimi!

Harakatchan, jikkak bu ayol keksa olimni xuddi yosh boladay koyib ketdi. Keyin uni massajga jo‘natib, massajdan chiqqach, meditsina ko‘rigiga kelishni buyurdi.

Tyurin ketgach, Meller menga murojaat qildi:

— Siz biologsiz, binobarin, meni yaxshi tushunasiz. Tyurin — istisno. Biz hammamiz o‘zimizni yaxshi his qiyapmiz. Lekin «osmon hayoti» dagi bu yengillik meni tashvishga solyapti. Siz o‘z tanangizni butunlay yoki qisman sezmaysiz. Lekin buning oqibati qanday bo‘ladi? Kets — yosh yulduz. Hatto bu yerda eskitdan yashayotgan kishilarimizning ham vaznsizlik holatiga tushganiga uch yildan ortiq bo‘lgani yo‘q hali. Xo‘sh, o‘n yildan keyin nima bo‘ladi? Bunday moslashuv organizmning umumiy holatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Nihoyat, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar qanday o‘sadi? Bolalarimizning bolalari-chi? Avlodlarimizning suyagi tobora ilviragan, kemirchakdor bo‘la borish ehtimoli yo‘q emas. Pay va mushaklarimiz butunlay ishdan chiqadi. Bizning osmondagi mustamlakamiz kishilarining salomatlngi uchun javobgar shaxs sifatida meni avvalo mana shu narsa tashvishlantiradi. Ikkinchidan — kosmik nurlar. Garchi maskanimizni o‘rab turgan qobiq bunday nurlarni qisman o‘tkazmasa ham, biz bu yerda Yerdagidan ko‘proq kosmik nurlarni qabul qilamiz. Hozircha buning zararli oqibatlari sezilmayapti. Lekin shunga qaramay, kuzatish uchun qo‘limizda material juda ham oz. Masalan, bu yerda mutatsiya hodisasi pashshalarda kuchli sezilyapti, bu degan so‘z, ularning urug‘i ko‘paymaydi. Nurlar Kets Yulduzidagi odamlarga ham shunday ta’sir ko‘rsatsa-chi? Bolalar mayib yoki o‘lik holda tug‘ila boshlasa-chi?.. Lekin hammasi o‘zimizning qo‘limizda. Barcha zararli oqibatlarning oldini olishimiz mumkin. Sun’iy ravishda istagancha og‘irlik kuchini yarata olamiz, agar zarur bo‘lsa, Yerdagidan ham ko‘proq yarata olamiz. Kosmik nurlardan Mutatsiya — hayot sharoitining o‘zgarishi ta’siri ostida organizmda yangi biologik belgi yoki xusuyeiyat paydo bo‘lishi.

Saqlanishga ham qurbimiz yetadi. Lekin buning uchun juda ko‘p tajriba o‘tkazishimiz kerak. Biologlarni qanday ishlar kutayotganini tasavvur qilyapsizmi?

— Ha, ish yetib ortadi, — dedim men Mellerning gaplariga mahliyo bo‘lib. — Bu ish faqat osmon mustamlakasi uchungina emas, balki Yer uchun ham zurur. Jonli va jonsiz tabiat haqidagi bilimimiz qanchalar kengayadi! Men bu yoqqa kelib qolganimdan juda xursandman.

— Juda soz. Bizga shunday g‘ayratli, tashabbuskor xodimlar kerak, — dedi Meller.

«Bu yoqqa kelib qolganimdan xursandman», degan gap menga Tonyani eslatdi. Yangi taassurotlar qurshovida qolib, uni tamom unuta yozibman. Uning ahvoli nima kechdiykin, qidirishlari qanday natija berdiykin?

Meller bilan xayrlashib, yo‘lakka uchib chiqdim. Io‘lakda sho‘x kulgi, qo‘shiq, gap-so‘zlar va qanotlarning guvillashi eshitilardi, garchi bir oz og‘irlik hosil bo‘lgan esa-da, yoshlar odat bo‘yicha qanot qoqib uchishardi. Ular xuddi uchar baliqlarday bir necha metrga sakrashardi. Ba’zilari «pol» da yurishni mashq qilishyapti. Qanchalab yosh, quvnoq, oftobda qoraygan chehralar! Qancha to‘polonu qancha tomosha: mana bir to‘da qizlar «ko‘cha» qoidasini bo‘zib, «koptok» o‘ynashyapti, to‘p vazifasini ulardan biri — past bo‘yli, tiqmachoqday bir qiz bajaryapti. U vizillab qo‘ldan-qo‘lga o‘tardi.

Sayr qilib yurganlarning hammasi xushnud va bardam edi. Go‘yo ularga bu «toshi yengil» dunyodagi mehnat mutlaqo ta’sir qilmagandi. Devorni ushlagancha yonlab Tonya yashaydigan xona eshigiga yetib bordim. Tonya deraza oldida yengil alyumin kresloda o‘tirardi. Aftidan, o‘tgan vaqt orasida ombordan yangi jihozlar olib kelishganga o‘xshaydi.

Derzadan qop-qora osmonda ulkan shu’la — «tungi» Yer gardishi ko‘rinib turardi. Shu’la nuridan Tonyaning yuzi va qo‘llari yal-yal yonardi. U o‘ychan bir qiyofada o‘tirardi.

Uni o‘ziga keltirmoqchi bo‘ldim. Yaqinlashib, kulib turib so‘radim:

— Xo‘sh, endi necha kilo kelasiz?

Shunday deb, uning yelkasidan ushlab xuddi uch yashar qizchaday yuqoriga ko‘tardim. Nazarimda, yo‘lakdagi quvnoq kayfiyat menga ham o‘tgan edi.

U indamay o‘zini chetga oldi.

— Nega xafa ko‘rinasiz? — dedim andak o‘ng‘aysizlanib.

— Shunday, o‘zim… onamni sog‘indim.

— «Yerning tortish kuchi» ta’sir qipti-da?

— Ehtimol, — dedi u.

— Yevgenyev nima bo‘ldi?

— Telefon qilolganim yo‘q. Apparat doim band. Direktor bilan suhbatlaringiz qanday bo‘ldi?

— Ertaga Oyga uchaman.

Tonya menga yalt etib qaradi.

— Ko‘pgami?

— Bilmayman. Uchishiing o‘ziga besh-olti kun ketadi, deyishadi. Oyda qancha bo‘lishimiz noma’lum.

— Bu juda qiziq, — dedi Tonya menga tikilgancha. — Jon deb sizlar bilan uchgan bo‘lardim, lekin meni vaqtincha Yerdan nur yetmaydigan masofada joylashgan laboratoriyaga jo‘natishyapti. U bo‘shliqda abadiy koinot sovuqligi hukm suradi. Past haroratda metallarning elektr o‘tkazuvchanligini o‘rganadigan yangi laboratoriyani jihozlash uchun boraman…

Uning ko‘zlari chaqnab ketdi.

— Juda ajoyib problema! Harorat pasayishi bilan metallarda elektr tokiga qarshilik ko‘rsatish kuchi ham pasayishini siz bilasiz. Absolyut nolga yaqin haroratda qarshilik ham deyarli nolga baravar… Bu masala ustida Kapitsa ish olib borgan edi. Ammo Yerda past harorat hosil qilish uchun juda katta kuch-g‘ayrat talab etilardi. Sayyoralararo bo‘shliqla esa… bu oson gap. Absolyut sovuq haroratli vakuumga joylashtirilgan metall halqani ko‘z oldingizga keltiring. Halqaga induktiv tok yuboriladi. Tokni nihoyasiz darajada kuchaytirish mumkin. Agar harorat ko‘tarilmasa bu tok halqada abadiy harakat qilaveradi. Harorat ko‘tarilishi bilan halqa elektrsizlanadi. Agar halqaga yetarli darajada yuqori kuchlanishli tok bersak, u holda bu biz o‘ziga xos «tuzlab qo‘yilgan» chaqmoqqa ega bo‘lamiz, bu chaqmoq harorat ko‘tarilishi bilan o‘z aktivligini namoyish qiladi.

— Portlatgich bilan ta’minlangan Dyuar idishidagi «tuzlangan» chaqmoq, — deya uning gapini ilib ketdim men, — yerga tashlanadi. Yerga urilishi natijasida piston portlaydi, idishdagi harorat ko‘tariladi va chaqmoq o‘zining yemiruvchi kuchini ko‘rsatadi.

Tonya jilmaydi.

— Fikrlaringiz qonxo‘r odamnikiga o‘xshaydi! Men bunday maqsadda qo‘llashni xayolimga keltirganim ham yo‘q.

— Nega qonxo‘r odamniki bo‘larkan, — e’tiroz bildirdim men. — Urushlar tugagan. Lekin qoyalar dengizlardagi ko‘chma muz tog‘larini portlatish mumkin-ku…

— Ha-a, shunday deng… To‘g‘ri. Lekin gap shundaki, qarshilik kuchi bo‘lmagandan keyin kuchlanish ham yo‘qoladi — demak, quvvat ham bo‘lmaydi… Yaxshi hisoblab chiqish kerak. Esiz, Paleyning o‘rni bilinyapti-da! — deb xitob qildi u ehtiros bilan.

Albatta, bu olimning ehtirosi edi, lekin keyingi gapdan ranjiganimni yashirolmadim.


Ertasiga ucha olmadik: Tyurinning tobi qochib qoldi.

— Nima bo‘ldi? — deb so‘radim Mellerdan.

— Faylasufimiz lohas, — javob berdi u, — «baxt» dan, harakatdan kasal bo‘lib qoldi. Ochig‘ini aytgandi, vahima qiladigan hech gap yo‘q. Oyog‘i, boldirlari og‘riyapti. Bu hech narsa emas, lekin uni qanday qilib Oyga jo‘natib bo‘ladi? O‘zini ham, sizlarni qiynab qo‘yadi. Yerdagi og‘irlikning o‘ndan biri bo‘lgan sharoitda shu ahvolga tushdi. Oyda esa — oltidan bir qism og‘irlik bor. U yoqda oyog‘ini ham ko‘tarolmaydi. Men unga bir necha kun mashq qilishni tayinladim. Osmonda bizning tutilgan asteroidlardan tashkil topgan omborlarimiz bor. Osmon jismlari, ayyoralarning parchalari shar shaklida to‘plangan. Bu parchalar nogahoniy turtkidan sochilib ketmasligi uchun geliopayvandchilarimiz ularni o‘zaro biriktirib qo‘yishgan. Ana shunday bomba» lardan biriga po‘lat sim bilan ichi bo‘sh sharni ulab, ar ikkovini bir-birining atrofida aylantirib qo‘ydik. Markazdan qochirma kuch hosil bo‘ldi, g‘ovak shar ichidagi og‘irlik Oydagi og‘irlik bilan baravar. Tyurin ana shu shar ichida mashq qilyapti. Shardagi bosim va kislorod miqdori fazoviy kostyum skafandridagiday. Boring, azizim, Tyurindan xabar oling. Faqat yolg‘iz uchmang. Enagangiz Kramerni hamroh qilib oling.

Kramerni gimnastika zalidan topdim. U shunday aqlga sigmaydigan harakatlar qilardiki, Yerdagi sirk gimnastikachilari buni xayollariga ham keltirisholmasdi.

— Mayli, birga uchaman, — dedi u, — lekin mustaqil uchishni ham o‘rganish kerak. Axir siz Oyga uchasiz, sayohat vaqtida qanday hodisalar bo‘lishini kim biladi deysiz!

Kramer meni o‘ziga uzun sim bilan bog‘lab oldi, biz Tyurin qarorgohiga qarab uchib ketdik. Men endi o‘mbaloq oshmas, ancha durust «o‘q uzar» edim, lekin aylanib turgan sharga qo‘nishga hali uquvim yetmasdi, binobarin, Kramer darrov yordamga keldi. To‘rt minutlardan so‘ng biz metall shar ichida yurardik.

Sharga kirishimiz bilan qattiq qichqiriq va chiyillagan tovushni eshitdik. Men katta elektr lampochkasi porlab turgan shar ichini qiziqib ko‘zdan kechirdim. Tyurin «pol» ga o‘tirvolib, hadeb rezina gilamni mushtlar, negr Jon esa uning yonida kattakatta qadam tashlab sakrab yurardi. Mikki shodon chiyillab, Jonning yelkasidan «shift» ga sakrab, qayish halqada bir zum osilib turgach, yana Jonning yelkasi yoki boshiga o‘zini otardi. «Oy og‘irligi», aftidan, Jon bilan maymunga juda ma’qul tushgan ko‘rinadi, lekin Tyuringa nisbatan bunday deb bo‘lmasdi.

— Turing, professor! — deb qichqirardi Jon. — Doktor Meller sizga o‘n besh minutdan yurishni buyurgan, hali besh minut ham o‘tgani yo‘q.

— Turmayman! — chinqirardi jahl bilan Tyurin. — Nima, men senlarga tizgindagi otmanmi! Zolimlar! Busiz ham oyog‘im uzilib tushay deyapti!

Shu payt Kramer ikkovimiz xuddi «osmondan tushgandai» uning oldida paydo bo‘ldik. Jon bizni ko‘rib, suyunib ketdi.

— Qarang, o‘rtoq Artemyev, — deya bidirlay ketdi u, — professor menga quloq solmayapti, yana o‘zining o‘rgimchak uyasiga kirib olmoqchi…

Birdan maymun chiyillab yubordi.

— Anavi patefoningning unini o‘chirsang-chi! — ingichka ovoz bilan haligidan ham qattiqroq chinqirdi Tyurin. — Salom, o‘rtoqlar! — dedi u bizga murojaat qilib va emaklab o‘rnidan bazo‘r turdi.

«Bu bilan qanday qilib Oyga uchib bo‘ladi?» — deb o‘yladim men va Kramer bilan ko‘z urishtirib oldim. U indamai bosh chayqadi.

— Axir, professor, o‘zingiz menga necha marta aytgansiz: harakat qancha ko‘p bo‘lsa, odam shuncha baxtli bo‘ladi… — bo‘sh kelmasdi Jon.

Jonning bunday «falsafiy asosi» sira kutilmagan edi. Biz Kramer bilan beixtiyor jilmaydik, Tyurin esa g‘azabdan qipqizarib ketdi.

— Tushunish kerak! Tushunish kerak! — deb qichqirdi u ovozining boricha. — Harakatning turi ko‘p. Bu qo‘pol jismoniy harakat bosh miyam hujayralarining oliy harakatiga, fikrlarim harakatiga xalaqit beryapti. Bundan tashqari, har qanday harakat uzluksiz emas, sen bo‘lsang to‘xtovsiz yurib turishimni istaysan… Mana, go‘shtimni qiyma qilib yenglar, qonimni so‘ringlar!

Shunday deb, jabrdiyda qiyofada inqillab, oh-voh qilib nari-beri yura boshladi.

Jon meni bir chetga tortib, qulog‘imga shivirladi:

— O‘rtoq Artemyev! Professordan juda tashvishdaman. U juda nimjon. Uning Oyga mensiz uchishi xatarli. Axir u yeyishni ham, ichishni ham unutadi. Oyda unga kim g‘amxo‘rlik qiladi?

Jonning ko‘zlariga yosh keldi. U o‘z professorini juda sevardi. Men qo‘limdan kelgancha Jonni Yupatdim. Sayohat vaqtida professorga ko‘z-quloq bo‘lib turishga va’da berdim.

— Siz uning uchun javob berasiz! — dedi negr tantanali bir tarzda.

— Albatta, albatta! — dedim men.

Yulduzga qaytganimizdan so‘ng hamma gapni Mellerga gapirib berdim. U norozi qiyofada bosh chayqadi.

— Tyurin bilan o‘zim shug‘ullanmasam bo‘lmaydi.

Rostdan ham bu kichkina serg‘ayrat ayol darhol sharga uchib ketdi.

Men ham vaqtni bekor o‘tkazmadim: sayyoralararo bo‘shliqda uchishni o‘rgandim, ustozim Kramerning aytishicha, bu ishda katta yutuqlarga erishdim.

— Oyga sayohat vaqtida osmon qa’rida yo‘qolib ketmasligingizga endi ishonaman, — dedi u.

Bir necha kundan keyin Meller shardan qaytib kelgach, dedi:

— Professorni Yerga tushirishga hali jur’at etmasdim, lekin Oyga u to‘la «yaroqli».

Загрузка...