Yerliklar Marsga uchib kela boshladilar.
Uchib kelishlarining boisi, ular nimadandir qo‘rqar edilar va ayni zamonda hech nimadan qo‘rqmas edilar, chunki ular baxtli va baxtsiz edilar, o‘zlarini ziyoratchilar deb his qilar edilar va ziyoratchilar deb his qilmas edilar. Har birining o‘z sababi bor edi. Ular jonlariga tekkan xotinlarini yoki jonlariga tekkan ishlarini yoki jonlariga tekkan shaharlarini tashlab kelgan edilar; nimanidir topish yoki nimadandir qutulish yoki nimanidir qazib olish, nimanidir kavlab olish, yoki nimanidir yerning tagiga yashirib qo‘yish, yoki nimanidir abadiy unutish uchun uchib kelar edilar. Ular katta umidlar bilan, kichkina umidchalar bilan, butunlay umidsiz uchib kelar edilar. Biroq ko‘plab shaharlarda to‘rt rangli shiorlarda hukmdor barmoq amrona ko‘rsatib turar edi: sen uchun osmonda ish bor — Marsga bor! Shunday qilib, odamlar yo‘lga tushar edilar; to‘g‘ri, avvaliga ular oz-oz edilar, nari borsa, o‘ntadan — aksariyatlari raketa osmonga o‘qdek otilishidan burunroq o‘zlarini yomon his qila boshlagan edilar. Bu kasalning nomi yolg‘izlik edi, chunki u yerda, hov pastda jonajon shahring avval mushtumdek, keyin limon donasidek, keyin to‘g‘nag‘ich boshchasidek, nihoyat kichraya borib, oxiri reaktivning olov oqimi ostida butunlay ko‘rinmay ketganini tasavvur qilishing hamon senda shunday bir tuyg‘u paydo bo‘ladiki, go‘yo sen yorug‘ olamda hech qachon tug‘ilmagansan, hech qaerda hech qanaqa shahar bo‘lmagan, sen ham hech qaerda bo‘lmagansan, chor atrofing bo‘m-bo‘sh koinot, bironta ham tanish odam yo‘q, nuqul begona odamlar. Shtatingni — Illinoys yoki Ayovami, Missuri yoki Montanami, bulutlar qa’riga kirib ko‘zdan yo‘qolganda, butun Qo‘shma Shtatlarni-ku, qo‘yaver, butun yer sayyorasi zulmat qo‘ynida qisilib-qisilib, xuddi noma’lum yoqqa uchib ketayotgan iflos kulrang koptokka aylanadi, — ana shunda o‘zingni koinot kengliklarida mutlaqo yolg‘iz, yakrang, yaknasaq musofir bo‘lasan-qolasan va oldinda seni nelar kutayotganini tasavvuringga ham keltirolmaysan. Dastlabki kelganlar juda ozchilik bo‘lganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Ko‘chib kelganlarning holi Marsga ko‘chib o‘tgan yerliklar miqdoriga mutanosib tarzda o‘sib borardi: bir kishiga qo‘rqinchli, ko‘pchilik bo‘lsa — unchalik emas, ammo Yolg‘izlarga o‘zidan boshqa ishonadigan hech kim bo‘lmaydi.