Sentabr 2005 MARSLIK

Osmonga tik qadalgan moviy cho‘qqilar yomg‘ir pardasi orasiga kirib ko‘zdan yo‘qolar edi, yomg‘ir uzun kanallarga kelib quyilar edi, qariya Lafarj tomosha qilgani xotini bilan uyidan chiqib keldi.

— Mavsumdagi birinchi yomg‘ir, — dedi Lafarj.

— Mo‘‘jiza… — xo‘rsindi xotini.

— Rahmat yomg‘iri!

Ular eshikni yopishdi, xonaga qaytib kelib, kamindagi ko‘mir cho‘g‘da qo‘llarini isita boshladilar.

Ular sovqotib qaltirar edilar. Derazadan uzoq-uzoqlardagi odamlarni Yerdan bu yerga keltirib qo‘ygan raketa korpusiga kelib urilayotgan yomg‘irning nam yiltillashini ko‘rib turar edilar.

— Faqat mana shuning o‘zi… — dedi Lafarj o‘z qo‘llariga qaragancha.

— Nima demoqchi eding? — so‘radi xotini.


— Agar Tomni o‘zimiz bilan ola kelganimizda…

— Laf, yana o‘sha gapmi?

— Yo‘q, yo‘q, kechir, boshqa gapirmayman.

— Biz bu yerga Tom haqida o‘ylagani emas, tinch, tashvishlarsiz qarilik gashtini surgani kelganmiz.

Uning o‘lganiga necha yillar bo‘ldi. Uni ham, yerdagi sodir bo‘lgan hamma narsani ham unutishga harakat qilishimiz kerak.

— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — dedi eri va yana issiqqa intildi. Uning ko‘zlari olovda edi. — Men bu haqda boshqa og‘iz ochmayman. Shunchaki, haligi… Biz uning qabriga gul qo‘ygan yakshanba kunlari Grin-Lon-Parkka qilgan safarlarimizni juda-juda qo‘msab ketayapman…

Moviy yomg‘ir mayin suvlari bilan uyni yuvar edi.

Soat to‘qqizda ular yotishdi; bir-birining qo‘lini ushlagancha ular jim yotar edilar, er 55 yoshda, xotin 60 yoshda, yomg‘ir shovqiniga to‘la tubsiz zulmat qo‘ynida.

— Enn, — asta chaqirdi er.

— Ha? — javob berdi xotin.

— Hech narsa eshitmadingmi?

Ular birgalikda shamol va yomg‘ir shovqiniga quloq tutishdi.

— Hech narsa, — dedi xotin.

— Kimdir hushtak chaldi, — izoh berdi er.

— Yo‘q, men eshitmadim.

— Borib qaray-chi, har ehtimolga qarshi.

Er xalatini kiydi-da, butun uyni yurib o‘tib, tashqari eshikkacha bordi. Jur’atsiz qadamlarini sekinlatib, asta eshikni itardi va yomg‘irning muzdek tomchilari yuziga urildi. Shamol esardi.

Eshik tagida mo‘‘jazgina qiyofa turardi.

Osmonni poralab chaqmoq chaqdi, uning bir zumlik yog‘dusida haligi qiyofaning chehrasi namoyon bo‘ldi. U Lafarjga qarab turardi.

— Kimsiz? — qichqirdi chol titragancha.

Jimlik.

— Kim bu? Nima kerak sizga?

Hamon churq etgan tovush yo‘q.

Chol o‘zini o‘lgudek charchoq, zaif, madorsiz his qildi.

— Kimsan deyapman? — qichqirdi Lafarj yana.

Xotini orqadan keldi-da, erining qo‘lidan tutdi.

— Nega bunaqa qichqirayapsan?

— Naryoqda bir bola turibdi, menga javob berishni istamayapti, — dedi chol qaltiragancha. — U Tomning o‘zginasi!

— Yur, uxlaylik, senga shunaqa tuyulgan.

— Ana u, hali ham turibdi, o‘zing qaragin.

Lafarj xotinim baralla ko‘rsin deb eshikni kengroq ochdi. Muzdek shamol, siyrak yomg‘ir orasidan ular tomon o‘ychan qaragancha bir qiyofa turardi. Keksa xotin eshik kesakisiga suyandi.

— Ket! — dedi u qo‘lini silkitib. — Ket!

— Tomga o‘xshamaydi, demoqchimisan? — so‘radi chol.

Qiyofa qilt etmas edi.

— Qo‘rqib ketayapman, — dedi xotin. — Eshikni yop-da, ketdik, borib uxlaylik. Kerak emas, kerak emas!…

Shunday deya u o‘zicha allaqanday duolarni o‘qigancha yotoqxona tomon ketdi.

Chol hamon shamolda turardi, qo‘llari muzdek nam havoda qotib qolgan edi.

— Tom, — asta dedi u. — Agar bu sen bo‘lsang, agar mo‘‘jiza ro‘y berib, bu yerga kelgan bo‘lsang, men eshikni yopmayman. Agar sovqotib isingani uyga kirmoqchi bo‘lsang, kir va borib kamin tagida cho‘zil, u yerda po‘stak yozig‘liq.


Shunday deya u asta eshikni yopdi, ammo qulflamadi.

Xotin erning kelib o‘ringa yotganini, g‘o‘janak bo‘lib qaltirayotganini eshitib yotardi.

— Dahshatli tun. Men o‘zimni juda qari his etib ketayapman. — Ayol piq-piq yig‘ladi.

— Bo‘pti, bo‘pti, — mehribonlik bilan uni tinchlantirdi er quchoqlagancha. — Uxla.

Oxiri xotin uxlab qoldi.

Shu zahoti cholning ziyrak qulog‘iga bir narsa chalindi: tashqi eshik asta-sekin ochildi, ichkariga yomg‘ir aralash shamol urildi, keyin eshik yopildi. Lafarj yengil odimlarning kamin oldiga kelganini va zaif nafasini eshitdi. “Tom”, — deb qo‘ydi u o‘zicha.

Osmonda chaqmoq yaltirab, zulmatni parcha-burish qildi.

Ertalab quyosh charaqlab turar, borliqni kuydirar edi.

Lafarj mehmonxona eshigini lang ochdi-da, ichkariga tezlik bilan ko‘z yugurtirib chiqdi.

Gilamchada hech kim yo‘q edi.

Lafarj xo‘rsindi.

— Qaribman, — dedi u.

U yuvinish uchun anhordan tiniq suv keltirgani eshik tomon yo‘naldi.

Ostonada sal bo‘lmasa limmo-lim chelakni ko‘tarib kelayotgan yosh Tomga to‘qnashib, uni ag‘darib yuborayozdi.

— Salom, ota!

— Salom, Tom.

Chol o‘zini bir chetga oldi. O’smir oyoq yalang xonadan yugurib o‘tdi-da, chelakni yerga qo‘yib, jilmaygancha unga o‘girildi.

— Bugun kun juda zo‘r!

— Ha, yaxshi, — ehtiyotkorona javob berdi chol.

Bola bugun o‘zini juda boshqacha tutmoqda edi. U o‘zi olib kelgan suvda yuvina boshladi.

Chol oldinga bir qadam tashladi.

— Tom, bu yerga qanday kelib qolding? Sen tirikmisan?

— Nega tirik bo‘lmas ekanman? — Bola ko‘zlarini ko‘tarib otasiga qaradi.

— Ammo, Tom… Grin-Lon-Park, har yakshanba… Gullar… va… — Lafarj o‘tirishga majbur bo‘ldi.

O’g‘il uning oldiga keldi, to‘xtadi-da, otasining qo‘lidan ushladi. Chol uning barmoqlarini his etdi — qattiq, issiq.

— Sen rostdan ham shu yerdamisan? Bu tush emasmi?

— Nahotki mening bu yerda bo‘lishimni xohlamasangiz? — bola hayajonlandi.

— Seni qara-yu, Tom, nega xohlamas ekanman!

— Unda nega so‘rayapsiz? Keldim, tamom-vassalom.

— Lekin onang, bunday kutilmaganda…

— Tashvish qilmang, hammasi yaxshi bo‘ladi. Tunda men ikkalangizga ham qo‘shiq aytib bergan edim, bu sizlarning meni qabul qilishlaringizga, ayniqsa, oyimning qabul qilishlariga yordam beradi.

Kutilmagan hol qanday ta’sir qilishini bilaman. Shoshmang, o‘zi kirib keladi-da, amin bo‘lasiz.

Bola qalpog‘i bilan sarg‘ish jingalak sochlarini qoqib kulib yubordi. Uning ko‘zlari nihoyatda moviy va tiniq edi.

— Salom Laf va Tom! — Ona sochlarini turmaklagancha yotoqxonadan chiqib keldi. — Rostdan ham bugun kun juda ajoyib-a!

Tom jilmaygancha otasiga burilib qaradi:

— Men nima degan edim?

Uchalasi birgalikda uy ortidagi soyada rohatlanib nonushta qilishdi. Missis Lafarj har ehtimolga qarshi yashirib qo‘ygan bir shisha kungaboqar sharobini chiqarib qo‘ydi va barchalari qittak-qittak ichishdi. Lafarj hech qachon xotinini bu qadar quvnoq ko‘rmagan edi. Mabodo Tomga nisbatan onaning ko‘nglida biron-bir shubha bo‘lganda ham uni birovga aytib solmas edi. Uning uchun hamma narsa risoladagidek bo‘lar edi. Lafarjning o‘zi ham tobora mana shunday tuyg‘u asiriga aylanib bormoqda edi. Ona idishlarni yuvar ekan, Lafarj o‘g‘li tomon engashdi-da, asta so‘radi:

— Hozir yoshing nechada, o‘g‘lim?

— Nahotki bilmasangiz, dada? O’n to‘rtdaman-da, albatta.

— Xo‘sh, o‘zing aslida kimsan? Sen Tom bo‘lishing mumkin emas, ammo kimdir bo‘lishing shart!

Kimsan?

— Keragi yo‘q. — Bolakay kayfi uchgancha qo‘llari bilan yuzini yashirdi.

— Sen mendan yashirma, — nasihatomuz dedi chol. — Men buni tushunaman. Sen marsliksan, hoynahoy? Men bu yerda marsliklar haqida turli xil masallarni eshitganman, to‘g‘ri, gap nimada ekanini hech kim bilmaydi. Ulardan juda kam odam qolgan bo‘lsa kerak, lekin ular oramizda paydo bo‘lib qolsalar, yerliklar qiyofasida paydo bo‘ladilar. Mana sen, agar bundoq qarasa, go‘yo Tomsan, lekin Tom emassan ham…

— Bu nega kerak, axir?! Men sizlarga nima yomonlik qildim? — qichqirdi bolakay yuzini kaftlari bilan yashirgancha. — Iltimos, iltimos, mendan shubha qilmanglar!

U sakrab o‘rnidan turdi-da, stoldan uzoqlashdi.

— Tom, qayt!

Biroq bola kanal yoqalab shahar tomon chopib borardi.

— Qayoqqa ketdi u? — so‘radi Enn; u qolgan likopchalarni yig‘ishtirib olgani kelgan edi.

U erining yuziga qaradi.

— Bir narsa deb qo‘rqitib yubordingmi uni?

— Enn, — dedi chol xotinining qo‘lidan tutib, — Enn, Grin-Lon-Park esingdadir, yarmarkani va Tomning o‘pkasi shamollab og‘rib qolganini eslarsan?

— Nega bunday deyapsan? — ayol kuldi.

— Shundoq o‘zim, — sekin javob berdi chol.

Uzoqda kanal yoqalab chopib borayotgan Tomning oyoqlari ostidan ko‘tarilgan chang asta cho‘kmoqda edi.

Kechqurun soat beshda kun botishda Tom qaytib keldi. U xavotir bilan otasiga qarab qo‘ydi.

— Tag‘in meni so‘roq qila boshladingizmi?

— Hech qanday savol yo‘q, — dedi Lafarj.

Bola oppoq tishlarini charaqlatib iljaydi.

— Mana bu boshqa gap.

— Qaerda eding?

— Shahar yonida. Bir qolib ketmoqchi ham bo‘ldim. Sal bo‘lmasa meni… — u kerakli so‘zni topolmay chaynaldi. — Men sal bo‘lmasa tuzoqqa tushib qolayozdim.

— “Tuzoqqa” deganing nimasi?

— Anovi kanalning yoqasida kichikkina temir uy bor, shuning yonidan o‘tayotsam, meni sal bo‘lmasa tutib qolishayozdi… shundan keyin men bu yerga, sizlarning oldingizga umuman qaytolmasligim mumkin edi. Sizlarga qanday tushuntirishni ham bilmayman, so‘z topolmayapman, qanday aytib berishni ham bilmayapman, nima bo‘lganini o‘zim tushunmayman, bu shunday qiziqki, sizlarga gapirib bersam, deyman.

— Gapirib bermay qo‘yaqol. Yaxshisi, borib yuvin. Ovqat mahali bo‘ldi.

Bola yuvingani chopib ketdi.

O’n daqiqalardan keyin kanalning tinch sathida daroz va ozg‘in, sochlari qop-qora odam eshayotgan eshkak zarblaridan ravon suzib kelayotgan bir qayiq ko‘rindi.

— Salom, Lafarj og‘ayni, — dedi u qayiqni to‘xtata turib.

— Salom, Saul, nima gaplar?

— Gapdan ko‘pi yo‘q. Nomlendni bilarsan — kanaldagi Jez saroychada yashaydi-ku, o‘sha.

Lafarj tosh qotib qoldi.

— Bilaman, nima edi?

— Uning qanaqa yaramas ekanligini ham bilarsan?


— Aytishlaricha, u bir odamni o‘ldirib qo‘yib, shundan Yerni tashlab ketgan ekan.

Saul ho‘l eshkakka suyangancha Lafarjga diqqat bilan qaradi.

— U o‘ldirgan odamning ism-sharifi esingdami?

— Gillings edi-yov.

— Xuddi shunday, Gillings. Gap bunday! Ikki soatlarcha oldin mana shu Nomlend degani Gillingsni ko‘rdim, deb shaharga qichqirib kirib keldi. Shu yerda, Marsda yashayapmiz, dedi. Bugun eshitdim, hozir eshitib kelayapman! Gillingsdan qochib yashirinish uchun u yoqda uni turmaga tiqishlarini iltimos qilibdi. Lekin uni turmaga qo‘yishmabdi. Shunda Nomlend uyiga ketibdi va yigirma daqiqa oldin — odamlar menga aytishdi — o‘zini peshonasidan otib tashlabdi. Men hozir o‘sha yerdan kelayapman.

— Ana, xolos, — dedi Lafarj.

— Dunyoning ishlari shunaqa qiziq bo‘lar ekan-da! — quvvatladi uni Saul. — Bo‘pti, Lafarj, hozircha xayr.

— Xayr.

Qayiq yana kanalning tinch sathidan oldinga suzib ketdi.

— Ovqat tayyor, — qichqirdi missis Lafarj.

Mister Lafarj joyiga kelib o‘tirdi va pichoqni olib, stol osha Tomga qarab qo‘ydi.

— Tom, — dedi u, — bugun kechqurun nima qilding?

— Hech nima, — javob berdi Tom ovqat to‘la og‘zi bilan. — Nima edi?

— Ha, yo‘q, shunchaki so‘radim-da. — Chol salfetka burchagini ko‘ylagi yoqasi ichiga tiqdi.

Kechqurun soat yettida missis Lafarj shaharga otlandi.

— Necha oydan beri shaharda bo‘lganim yo‘q, — dedi u.

Tom borishdan bosh tortdi.

— Men shahardan qo‘rqaman, — dedi u. — Odamlardan qo‘rqaman. Oyog‘im tortmayapti.

— Katta yigit bo‘lib qolgansan. Shu ham gap bo‘ldi-yu! — yon bermay dedi Enn. — Gapirma bunaqa gaplarni. Biz bilan borasan. Buni men aytayapman.

— Axir, Enn, bola o‘zi xohlamasa… — oraga suquldi chol.

Biroq missis Lafarj aytganida turib oldi. U deyarlik kuch bilan ota-bolani qayiqqa sudrab tushirdi va barchalari birgalikda oqshom yulduzlari charaqlab turganda kanal bo‘ylab yo‘lga tushishdi. Tom ko‘zlarini yumib, chalqancha yotardi, uni uxlayaptimi yoki yo‘qligini hech kim aytolmasdi. Chol o‘zicha mulohaza qilgan ko‘yi unga tikilib qaradi. “Bu kim bo‘ldi, — o‘yladi u, — muhabbatga bizdan ham tashnaroq bo‘lgan bu qanday zot? Kim u? Va nima u? — Yolg‘izlikdan jon saqlagani unga yot bo‘lgan xilqatlar davrasiga keldi, odam qiyofasiga va ovoziga ega bo‘ldi, unday odamlar bizning oramizda qolgani va nihoyat o‘z baxtini bizning e’tirofimizda topgani faqat xotiramizdagina yashar edilar. U qay palladan buyon qaysi g‘ordan chiqib kelgani, u Yerdan raketalar uchib kelganda bu olamga kelib-o‘rnashgan qaysi xalqning zuryodi bo‘ldi?” Lafarj boshini chayqadi. Buni bilib bo‘lmaydi. Bundoq qarasang, qaysi tomonga nazar solmagin — u Tom, vassalom.

Chol nigohini yaqinlashib kelayotgan shaharga qaratdi va unga nisbatan ko‘nglida noxush tuyg‘uni his etdi. Biroq, keyin u yana Tom va Enn haqida o‘ylay boshladi va o‘ziga-o‘zi dedi: “Balki, agar baribir g‘am va qayg‘udan boshqa hech narsa chiqmaydigan bo‘lsa, oz muddatga bo‘lsa-da, Tomni yonida olib qolish noto‘g‘ridir… Biroq biz bu qadar orzu qilgan narsadan qanday voz kechish mumkin? Garchi bu bir kunlikkina narsa bo‘lsa-da, keyin u g‘oyib bo‘ladi, bo‘shliq yanada dahshatliroq tus oladi, qora tunlar — yana qoraroq, yomg‘irli tunlar — yanada namroq bo‘lib ketadi… Bizni bundan mahrum etish — og‘zimizdagi bir bo‘lak luqmani sug‘urib olishga urinish bilan barobar.”

U yana qayiq tubida beg‘am mudrab yotgan yigitchaga qarab qo‘ydi. Tom uyqusida hiq etib qo‘ydi; tush ko‘rayotgan bo‘lsa kerak.

— Odamlar, — g‘udrandi Tom uyqusida. — O’zgarayapman, o‘zgarayapman… Qopqon…

— Bo‘ldi, bo‘ldi, yigitcha. — Lafarj uning yumshoq jingalak sochidan silab qo‘ydi va Tom tinchlandi.

Lafarj o‘g‘li va xotiniga qayiqdan qirg‘oqqa chiqib olgani yordamlashib yubordi.


— Mana, yetib keldik! — Enn charaqlagan chiroqlarga qaragan, tabernalar sadosiga quloq solgan, pianino va patefonlar ovozidan zavqlangan, gavjum ko‘chalardan bir-birini qo‘ltiqlab yurgan juftlarga havas bilan qaragancha jilmaydi:

— Men uyda qolsam yaxshi bo‘lardi, — dedi Tom.

— Ilgari bunaqa demasding, e’tiroz bildirdi ona. — Shanba kunlari kechqurun shaharga borishga doim intiq bo‘larding-ku.

— Menga yaqinroq turing, — shivirladi Tom. — Meni tutib olishlarini istamayman.

Enn uning gaplarini eshitib turardi.

— Nimalar deb valdirayapsan, ketdik!

Lafarj bolaning barmoqlari uning kaftiga yopishganini sezib, qattiq qisdi.

— Men sen bilanman, Tommi. — U yonlaridan suqulib kelayotgan olomonga qaradi-da, uning ham ko‘ngli g‘ash tortdi. — Biz bu yerda uzoq qolmaymiz.

— Bekorlarni aytibsiz, — gapga qo‘shildi Enn. — Biz butun oqshomni o‘tkazgani kelganmiz.

Ko‘chaning narigi tomoniga o‘tib, ular uch nafar mastga yo‘liqishdi. Ularni turtishdi, aylantirishdi, bir-biridan ajratishdi; atrofga alanglab, Lafarj tosh qotib qoldi.

Tom yo‘q edi.

— Qani u? — jahl bilan so‘radi Enn. — Bu qanaqa qiliq bo‘ldi — ko‘zingni shamg‘alat qiladi-da, ota-onasini tashlab qochadi! Tom!

Yo‘lovchilarni turtib-surtib mister Lafarj chor atrofga chopa boshladi. Biroq, Tomdan dom-darak yo‘q edi.

— Qaytib keladi, mana ko‘rasan, uyga ketayotganimizda qayiq oldida kutib turgan bo‘ladi, — ishonch bilan dedi Enn erini kinoteatr tomon yetaklagancha.

Birdan olomon orasida g‘ala-g‘ovur boshlandi va Lafarjning yonidan bir erkak va bir ayol chopib o‘tdi. U ularni tanidi: Jo Spolding xotini bilan. Lafarj og‘iz ochib, ularga gapirgunicha ham bo‘lmay, ikkovi ham ko‘zdan yo‘qoldi.

Xavotir bilan atrofga alanglagancha u chiptalar sotib oldi va xotiniga itoatkorona ergashgancha qop-qora kinozalning ichiga kirib ketdi.

Soat o‘n birda qayiq yonida Tom yo‘q edi.

— Hechqisi yo‘q, onasi, — dedi Lafarj, — faqat hayajonlanma. Men uni topaman. Shu yerda kutib tur.

— Tezroq qaytgin-da.

Ayolning ovozi suvning shaloplashi tagida qolib ketdi.

Chol qo‘llarini cho‘ntaklariga tiqqancha tungi ko‘chalardan yurib borardi. Chiroqlar birma-bir o‘cha boshladi. Allaqaerda derazalardan odamlarning gavdalari ko‘rinardi. Garchi osmonda yulduzlar orasida yomg‘irli bulut parchalari hamon suzib yursa-da, tun iliq edi. Lafarj o‘g‘lining qandaydir tuzoq haqida qayta-qayta gapirganini, uning olomon va shaharlardan qo‘rqishini esladi. “Bu qanday noshudlik, — horg‘in o‘yladi chol. — Balki, bola butunlay qochib ketgandir. Balki, u umuman bo‘lmagandir…” Lafarj uylarning raqamlariga bir-bir ko‘z solgancha muyulishdan burildi.

— Senmisan, Lafarj?

Ostonada trubka chekib, bir erkak o‘tirardi.

— Salom, Mayk.

— Ha, xotining bilan g‘ijillashib qoldingmi? Asabni tinchitgani, shamollagani chiqdingmi?

— He-yo‘q, shunchaki aylanib yuribman.

— Turqingdan nimanidir qidirayotgandaysan. Ha, darvoqe, topildiqlar haqida. Bugun kechqurun kimdir torpilibdi. Jo Spoldingni bilasanmi? Qizi Laviniya esingdami?

— Esimda, — Lafarj muzdek bo‘ldi. Bu go‘yo ikkinchi marta ko‘rayotgan tushga o‘xshardi. Bundan keyin nima deyilishi kerakligini ham u aniq bilib turardi.

— Laviniya bugun kechqurun uyga qaytdi, — dedi Mayk tutunni puflab. — Uning bir oy burun O’lik dengiz tagida adashib qolgani esingdami? Keyin uning jasadini topishdi, harholda uniki bo‘lsa kerak, juda dabdala qilib tashlashgan ekan-da… Shundan beri Spoldinglar o‘zlariga kelganlaricha yo‘q. Jo qaerga borsa, yo‘q, qizim tirik, bu uning jasadi emas, deydi. Mana, u haq bo‘lib chiqdi. Bugun Laviniya paydo bo‘ldi.

— Qaerda? — Lafarj og‘ir-og‘ir nafas olar, yuragi duk-duk qilardi.

— Katta ko‘chada. Spoldinglar kinoga chipta olib turishgan ekan. Birdan olomon ichida Laviniyani ko‘rib qolishibdi. Qanaqa tomosha bo‘lganini o‘zing bilaver. Avvaliga qiz ularni tanimabdi. Uch mahallacha orqasidan yurib borishibdi, ular gapiraverishibdi-gapiraverishibdi, oxiri qiz eslabdi.

— Qizni o‘zing ko‘rdingmi?

— Yo‘q, ammo uning ovozini eshitdim. Esingdami, u “Lomond ko‘lining ajoyib sohili” qo‘shig‘ini aytishni yaxshi ko‘rardi? Shunday qilib desang, yaqinginada men uning shu qo‘shiqni otasiga aytib turganini eshitdim, hov, ana ularning uyi. Shunaqayam kuylaydiki, qoyil qolasan! Xudo bergan qiz.

Uning o‘lganini eshitganimdan beri bu qanday ko‘rgulik deb o‘zimga kelolmayman. Mana, qaytib kelib, biram yengil tortdimki. Ie, tobing yo‘qqa o‘xshayapti, bu yoqqa kel-chi, bir qultum viskidan otib ol!

— Rahmat, Mayk. Boshqa safar. — Chol u yerdan ketdi.

Orqadan Maykning xayrli tun tilab qolganini eshitsa-da, javob bermadi, balki nigohini baland billur tomiga Mars gullarining cho‘g‘dek qatlami yastlangan ikki qavatli uyga qadab olgan edi. Bog‘ uzra jingalak panjarali balkon osilib turar, ikkinchi qavat derazalarida chiroq yonib turardi. Vaqt allamahal bo‘lsa-da, baribir u ko‘nglidan o‘tkazdi: “Agar Tomni olib bormasam, Enning ahvoli nima kechadi?

Yangi zarba — yana o‘lim. Bunga bardosh bera olarmikan? Birinchi o‘limini eslarmikan?.. Mana bu o‘ngida bo‘layotgan bu tushni ham eslarmikan? Mana bu to‘satdan sodir bo‘lgan ayriliqni-chi? Ey xudo, Enn uchun Tomni topmasam bo‘lmaydi! Sho‘rlik Enn, u qayiq yonida kutib o‘tiribdi-ya…”

Chol boshini ko‘tardi. Allaqaerda balandlikda ovozlar quvnoq ohangda bir-biriga xayrli tun tilar, eshiklar yopilar, chiroqlar o‘char va past ovozda aytilayotgan qo‘shiq tinimsiz quloqqa chalinar edi. Bir lahza o‘tib, balkonga 18 yoshlardagi yoqimtoygina qizcha chiqdi.

Lafarj kuchli shamolga bas kelgancha, qizni chaqirdi.

Qiz burilib pastga qaradi.

— Kimsiz? — qichqirdi qiz.

— Bu men, — dedi chol unga. G’alati, o‘ylamay javob berganini anglab, u tutilib qoldi, faqat lablari unsiz pirpirardi.

“Tom o‘g‘lim, men otangman” deb qichqirsamikan? Qizga nima desa ekan? Tag‘in u biron telba-pelba deb o‘ylab ota-onasini chaqirib yurmasin.

Qiz muzdek g‘ira-shira yorug‘likda gavdasini panjara osha chiqarib egildi.

— Men sizni bilaman, — yumshoqqina javob berdi qiz. — Iltimos, keting. Siz bu yerda hech nima qilolmaysiz.

— Sen qaytishing kerak! — Lafarj shuncha urinsa ham o‘zini tutib turolmay, beixtiyor qichqirdi.

Oydindagi odam qiyofasi yuqorida qorong‘ilik ichiga chekindi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, faqat tovushi quloqqa chalinardi.

— Men endi sizning o‘g‘lingiz emasman, — dedi tovush. — Nima uchun shaharga ketdik biz?

— Oying seni sohilda kutib turibdi!

— Meni kechiring, — javob berdi ohista tovush. — Ammo nima ham qila olardim? Bu yerda men baxtliman, xuddi sizlardek meni sevishadi. Men o‘z holimcha menman, berganlarini olaman. Endi kech: ular meni asir olishdi.

— Ammo Enn haqida o‘ylasang-chi, bu unga qanday zarba bo‘lishini bilasanmi?..

— Bu uydagi fikrlar haddan tashqari kuchli, men xuddi qamoqda yotgandekman. Men o‘zim o‘zimcha o‘zgarolmayman.

— Ammo sen Tomsan-ku, hozir qiz bola bo‘lsang ham oldin Tom eding-ku, to‘g‘rimi?! Yoki sen cholni masxara qilayotibsanmi? — balki haqiqatan ham sen Laviniya Spoldingdirsan?

— Men unisi ham, bunisi ham emasman, men faqat menman. Ammo qaerga bormay, men yana qandaydir boshqacha hamman va hozir siz mana shu boshqachani o‘zgartirishga qodir emassiz.

— Sening shaharda qolishing xatarli. O’zimizning kanalda yaxshi, u yerda seni hech kim xafa qilmaydi, — yolvorardi chol.

— To‘g‘ri… — ovoz ikkilanib javob berdi. — Ammo men bu yerdagi odamlar bilan hisoblashishga majburman. Ertalab mening g‘oyib bo‘lganimni ko‘rishsa ularning holi nima kechishini bilasizmi?

Tag‘in hamishalikka-ya. To‘g‘ri, oyim mening kimligimni biladilar, — sizga o‘xshab aqllari yetadi.

Menga ular hamma narsani bilib olganga o‘xshab ko‘rinadilar, faqat so‘rashni istashmayapti. Arvohga savol bermaydilar. Agar bor narsaga ega bo‘lish qiyin ekan, bunda orzuning nima yomon joyi bor?

Men ular yo‘qotgan men bo‘lmay qo‘ya qolay, ular uchun men hatto ularning orzulari yaratgan eng go‘zal orzudan ham yaxshiroqdir. Oldimda ikki yo‘l turibdi: yo ularning dilini og‘ritishim kerak, yoki sizning xotiningizning dilini og‘ritishim kerak.

— Ularning oilasi katta, besh nafar. Ular bu yo‘qotishga bardosh bera oladilar!

— Iltimos, — ovoz titradi, — men charchadim.

Cholning ovozi qat’iylashdi.

— Sen biz bilan ketishing kerak. Men Enniga ortiq azob berishni istamayman. Sen bizning o‘g‘limizsan. Sen mening o‘g‘limsan, sen menikisan.

— Keragi yo‘q, iltimos! — balkondagi soya titrar edi.

— Seni bu uy va uning egalari bilan hech narsa bog‘lab turgani yo‘q.

— E-ha, siz meni nima qilayapsiz?

— Tom, Tom, o‘g‘lim, quloq sol. Tezroq uyga qaytib kel, ha, mana bu chirmovuqdan osilib tush.

Ketdik, Enn kutayapti, sening o‘z uying bo‘ladi, nima xohlasang hammasi muhayyo bo‘ladi.

Lafarj mo‘‘jiza ro‘y berishini jon-dili bilan istagancha va intiq bo‘lgancha ko‘zlarini balkondan olmasdi…

Soyalar chayqalar, chirmovuqlar shitirlar edi.

Nihoyat past ovoz quloqqa chalindi:

— Yaxshi, ota.

— Tom!

Oy nurida chirmovuqlardan chaqqon o‘g‘il bola qiyofasi sirg‘alib tushdi. Lafarj quchoqlamoqchi bo‘lib qo‘llarini ko‘tardi.

Tepadagi derazalarda charaqlab chiroq yondi.

Naqshinkor panjara ortidan kimningdir ovozi chalindi.

— Kim u?

— Bo‘la qol, bolakay!

Yana chiroq yondi, yana tovushlar eshitildi.

— To‘xta, otaman! Vinni, sog‘misan?

Shoshib ketayotgan oyoq tovushlari.

Chol va bola bog‘ ichidan yugurib ketishdi.

O’q ovozi yangradi. O’q bog‘ eshigining yonginasidagi devorga kelib tegdi.

— Tom, sen bu tomonga qarab chop! Men bu tomonga qarab chopaman, ularni chalg‘itaman, to‘g‘ri kanal oldiga borgin, o‘n daqiqadan keyin o‘sha yerda uchrashamiz, bo‘la qol.

Ular har ikki tomonga qarab chopib ketishdi.

Oy bulutlar ortiga yashirindi. Chol zim-ziyo qorong‘ilik ichida chopib borardi.

— Enn, men shu yerdaman.

Ayol titrab-qaltiragancha cholning qayiqqa tushishiga yordamlashib yubordi.

— Qani Tom?

— Hozir keladi.

Ular tor yo‘lchalar va uxlayotgan shaharaga qaradi. Hamon kech qolgan yo‘lovchilar ko‘zga tashlanardi, politsiyachi, tungi qorovul, raketa uchuvchisi, tungi visoldan keyin uyiga qaytayotgan yolg‘izbosh erkaklar, kulgancha bardan chiqib kelgan ikki juft erkak va ayol… Allaqaerda musiqaning bo‘g‘iq ovozi chalinardi.

— Nega u shu paytgacha yo‘q? — so‘radi ona.

— Hozir, sabr qil.

Biroq Lafarj endi ishonmayotgan edi. Kim bilsin, balki yigitchani qaerdadir, qanday qilibdir bandargoh tomonga chopib kelayotgandami, chiroqsiz uylar oralig‘idagi zim-ziyo ko‘chalardan o‘tib ketayotgandami, tutib olishgandir-da? Albatta, oradagi yo‘l ancha olis edi, hatto chaqqon bola uchun ham olislik qilar edi. Ammo nima bo‘lganda ham Tom undan oldin yetib kelishi kerak edi…

Birdan uzoqdan oydin yoritib turgan ko‘chadan chopib kelayotgan odam qorasi ko‘rindi.

Lafarj qichqirib yubordi, biroq o‘sha zahoti o‘zini bosdi:

— O’sha yoqdan, uzoqdan uning qulog‘iga boshqa ovozlar, boshqa oyoqlar dupuri chalindi.

Derazalarda birin-ketin chiroqlar yondi. Yolg‘iz ko‘lanka bandargoh oldidagi keng maydonga otilib chiqdi. Bu Tom emas edi, balki sonsiz fonarlar yog‘dusida bir charaqlab, bir o‘chib turgan kumush rang yuzli oddiy xilqat edi. Ammo u yaqinlashib kelgani sayin tobora tanish tuyula boshladi va qiyofa bandargohga yetib kelganda Tomga aylanib bo‘lgan edi! Enn qo‘llari bilan suvni shaloplatdi, Lafarj shoshib qayiqni qirg‘oqdan itardi, ammo endi kech edi.

Chunki ko‘chadan kimsasiz maydonga bir erkak… yana bir erkak… bir ayol, yana ikki erkak, mister Spolding otilib chiqdi. Ular nima qilishlarini bilmay, to‘xtab qolishdi. Ular chor atrofga olazarak qarashar edi, ular uyga qaytishni istashardi: axir bu… bu borib turgan dahshat, telbalik edi, vassalom! Shunday bo‘lsa-da, ular ta’qib etishda davom etar, dam-badam ikkilanib to‘xtab olar va yana yugurib ketar edilar.

Ha, endi kech edi. Bu g‘ayrioddiy oqshom, g‘ayrioddiy voqea nihoyasiga yetgandi. Lafarj qo‘lida arqonni aylantirardi.

U qattiq sovqotgan va o‘zini yolg‘iz his qilardi. Oydinda odamlar ko‘zlari kosasidan chiqib chopayotganlari, shoshib ketayotganlari, oyoqlarini siltab, yugurayotganlari ko‘rinib turardi, mana, ular barchasi, o‘n nafar odam qirg‘oq bo‘yida turar edi. Ular qayiqqa yeb qo‘ygudek qarab turishardi.

Ular qichqirar edilar:

— Joyingdan qo‘zg‘alma, Lafarj!

Spolding qo‘lida to‘pponcha ushlab turardi.

— Nima bo‘lgani endi ravshan edi… Tom bir o‘zi yo‘lovchilarni ortda qoldirgancha oy yoritib turgan ko‘chalardan yurib borar edi. Politsiyachi miltillagan qiyofani sezib qoladi. Shartta orqasiga burilib, uning yuziga qaraydi, qanaqadir ismni aytib qichqiradi, orqasidan quvib, yuguradi. “Hoy, to‘xta!” U mashhur jinoyatchini ko‘rib qoldi. Yo‘ldan kim o‘tgan bo‘lsa hammasini ko‘rdi. Erkakmi, ayolmi, tungi qorovulmi yoki raketa uchuvchisimi — ularning har biri uchun chopib ketayotgan qiyofaning kim ekanligi baribir edi. Uning timsolida ular uchun tanish bo‘lgan har qanday odam, har qanday ramz, har qanday ism tajassum topgan edi… So‘nggi besh daqiqa ichida qanchalab turfa ismlar tilga olinmagan edi!.. Tom timsolida qanchalab shaxslar tusmol qilinmagandi — barchasi soxta!

Butun yo‘l bo‘ylab ta’qiblanuvchi va ta’qib qiluvchilar, orzu va orzu qiluvchilar, parrandalar va ko‘ppaklar to‘lib-toshib ketgan edi. Butun yo‘l bo‘ylab: kutilmagan kashfiyot, tanish ko‘zlar chaqnog‘i, chala esda qolgan ismni aytib qichqirish, qadim zamonlar haqidagi xotiralar — uning izidan chopib borayotgan olomon shu tariqa ko‘paygandan-ko‘payib, toshgandan-toshib borar edi. Har kim o‘rnidan dik etib turar edi-da, orqasidan chopib ketar edi, bir karra lip etib ko‘zdan o‘tgan siymolar, o‘n minglab ko‘zgular o‘n minglab ko‘zlarda aks etadi, — chopib borayotgan sharpa, shaxs, biri oldinda ketayotganlar uchun, boshqasi orqada kelayotganlar uchun va yana biri, yangisi uning yo‘lida uchraydigan, hali uni ko‘rmagan odam uchun.

Mana, ular barchasi shu yerda, qayiq yonida har biri birgina orzuga yetishishni istaydi, — xuddi biz bu sharpa na Laviniya, na Rojer, na boshqa biron kishi emas, aynan Tom bo‘lishini qanchalik xohlar edik, o‘yladi Lafarj. Ammo endi bu amalga oshmaydi. G’isht qolipdan ko‘chgan edi.

— Qayiqdan chiqinglar, qani! — buyruq berdi Spolding.

Tom bandargohga ko‘tarildi. Spolding uning qo‘lidan tutdi.


— Sen biz bilan uyimizga borasan. Men hammasini bilaman.

— To‘xta, — oraga suqildi politsiyachi, — u hibsga olingan! Uning ism-sharifi Dekster, qotilligi uchun qidirilmoqda.

— Yo‘q, yo‘q! — piq-piq yig‘ladi ayol. — Bu mening erim! Nima, o‘z erimni tanimay o‘libmanmi?!

Boshqa ovozlar o‘z aytganida turib oldi. Olomon qaynar edi.

Missis Lafarj Tomni gavdasi bilan to‘sib oldi.

— Bu mening o‘g‘lim, sizlar uni hech qanaqangi ayb bilan ayblashga haqqingiz yo‘q! Biz uyga borishimiz kerak!

Tom esa to‘xtovsiz qaltirar edi. Uning avzoyidan qattiq kasalga o‘xshardi. Olomon hamon bostirib kelar, toqatsizlik bilan qo‘llarini cho‘zar, uni tutib olmoqchi bo‘lar edi.

Tom qichqirib yubordi.

U hammaning ko‘z o‘ngida o‘zgarmoqchi edi. Bu Tom edi, Jeyms ham, Svichmen ism-sharfli odam ham edi, Betterfild ism-sharifli boshqa odam ham edi, bu shahar meri edi va YUdif ismli qiz ham, eri Uilyam ham, xotini Klarissa ham edi. U bamisoli yumshoq, ularning tasavvuricha itoatgo‘y edi. Ular qichqirar, bostirib kelar, o‘zlari tomon chorlar edilar. U ham ularga qo‘llarini keng yoyib, siltagancha qichqirar va har bir qichqiriq uning yuzini o‘zgartirib yuborar edi.

— Tom! — chaqirdi Lafarj.

— Alisa! — yangradi yangi qichqiriq.

— Uilyam!

Ular yigitchani qo‘lidan ushlab oldilar, so‘nggi marta qichqirib, yerga yiqilmaguncha o‘zlari tomon tortaverdilar.

U toshlar ustida yotardi — erigan mum qotmoqda edi, uning basharasi barcha basharalar kabi edi, bir ko‘zi moviy, ikkinchi ko‘zi tillarang, sochi qip-qizil, malla, sarg‘ish, qora edi. Bir qoshi baroq, ikkinchisi ingichka, bir qo‘li katta, ikkinchisi kichkina edi.

Ular barmoqlarini lablariga qo‘ygancha uning boshi uzra turar edilar. Ular egildilar.

— U o‘ldi, — dedi kimdir oxiri.

Yomg‘ir yog‘a boshladi.

Tomchilar odamlarga tusha boshladi va odamlar osmonga qarashdi.

Ular orqaga burilishdi-da, avval sekin, keyin tez-tez odimlar bilan uzoqlashishdi, keyin esa har tomonga qarab chopib ketishdi. Faqat dahshat ichida qolgan mister va missis Lafarj bir-birining qo‘lidan tutgancha, joylarida turar va unga qarar edilar.

Yomg‘ir osmonga yuzlangan, hech qanday tanish belgisi qolmagan basharani yuvar edi.

Enn unsiz yig‘lay boshladi.

— Ketdik uyga, Enn, endi qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, — dedi chol.

Ular qayiqqa tushishdi va zulmat ichida kanaldan suzib ketishdi. Ular o‘z uylariga kirishdi va kaminga o‘t qalashdi, qo‘llarini o‘tga toblab isinishdi. Ular uxlagani ketishdi va holdan toygan, qaltiragan ko‘yi yomg‘irning yana tomni nog‘ora qilib chalayotganiga quloq solib birga yotishdi.

— Tishsh, — to‘satdan dedi Lafarj yarim tunda. — Hech narsa eshitmayapsanmi?

— Yo‘q, eshitmayapman…

— Baribir chiqib qaray-chi.

U zim-ziyo xonani paypaslanib yurib o‘tdi-da, ochishdan oldin katta eshik oldida uzoq turdi.

Nihoyat eshikni lang ochdi-da, tashqariga ko‘z soldi.

Yomg‘ir bo‘m-bo‘sh hovliga osmondan suv quyib anhorni, ko‘m-ko‘k tog‘ yonbag‘irlarini yuvar edi.

U besh daqiqacha kutib turdi, so‘ng ho‘l qo‘llari bilan asta eshikni yopdi-da, lo‘kidonini surib qo‘ydi.

Загрузка...