Mehmonxona bo‘lmada go‘yo birov eshitmay qolishidan qo‘rqqanday gapiruvchi soatlar tinmay: “chiq-chiq, yetti bo‘ldi, tong otdi, turing o‘rningizdan!” — deb qo‘shiq aytar edi. Ertalabki sukunat chulg‘agan uy huvillab turardi. Soat esa hamon chiqillar va bo‘shliq tomon nuqul o‘zining sevgan qo‘shig‘ini taratar edi: “sakkizdan o‘n daqiqa o‘tdi, nonushta qilish vaqti yetti, sakkizdan o‘n daqiqa o‘tdi!”
Oshxonada pechka chiyillab uh tortdi va uning lang‘illagan qorni ichidan sakkizta obdon yetirilgan qadah, to‘rtta sarig‘i aralashtirilmagan tuxum, o‘n olti bo‘lak cho‘chqa yog‘i, ikki chashka qahva va ikki stakan muzdek sutni ufurib tashladi.
— Butun Kaliforniya shtatining Ellendayl shahrida ikki ming oltinchi yil, to‘rtinchi avgust, — dedi oshxona shiftidan boshqa bir ovoz. — Bugun mister Fezerctounning tug‘ilgan kuni. Tilita to‘yining bir yilligi. Sug‘urta badalini to‘lash vaqti yetti. Suv, gaz, chiroq pullarini ham to‘lab qo‘yish kerak.
Devorning allaqaeridadir bir rele shiqirladi, elektr ko‘zlar oldida xotira tasmalari sizib chiqa boshladi.
Sakkizu bir, chiq-chiq, sakkizu bir, ishga borish kerak, maktabga borish kerak, bo‘la qolinglar chaqqon-chaqqon, sakkizu bir! Biroq eshiklar ochilib-yopilmas, gilamlarda rezina poshnalarning yumshoq odimlagan tovushi quloqqa chalinmasdi.
Tashqarida yomg‘ir yog‘ardi. Tashqi eshikdagi meteoquticha ohista qo‘shiq kuylardi: “Yomg‘ir yog‘ar kun bo‘yi, Issiqroq kiyin endi…” Yomg‘ir tomchilari huvillagan uy tomini hamon nog‘ora qilib chertardi.
Hovlidagi garaj eshigi qattiq g‘iyqilladi, ko‘tarilib ochilgan eshik ortidan chiqishga hozir turgan avtomashina ko‘rindi… Ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas eshik yana asil holatiga qaytdi.
Sakkizu o‘ttiz daqiqada tuxumlar bujmayib qoldi, qadahlar esa toshga aylandi. Alyumin belkurakcha ularni chanoqqa itqitdi, u yerdan tizillagan qaynoq suv ularni ma’dan bo‘g‘izga dumalatib keldi, bo‘g‘iz ularning hammasini eritib yuborar va kanalizatsiya orqali uzoq dengizga eltib tashlardi. Ovqat yuqi likopchalar qaynoq yuvindi idishga sho‘ng‘ir va yaltiragancha uning ichidan suzib, tashqariga chiqib kelar edi.
“To‘qqizu o‘n besh, — kuyladi soat, — supurib-sidirish vaqti yetdi”.
Devordagi uyachalardan mitti robot sichqonlar to‘kildi. Barcha xonalarda ma’dan va rezinadan yasalgan jonsarak farroshlar ivirsir edi. Ular o‘zlarini oromkursilarga sharaqlab urib olar, tukdor g‘o‘lachalarini aylantirar, gilam patlarini hurpaytirar, ichidan changlarini ohista so‘rib olar edilar. So‘ng bamisoli noma’lum kelgindilar kabi bir-bir o‘z go‘shalariga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Ularning qizil elektr ko‘zlari so‘ndi. Uy chinniday top-toza bo‘lib qolgandi.
Soat to‘qqiz. Yomg‘ir pardasini surib, quyosh mo‘raladi. Xarobazor va kultepalar orasida yolg‘iz uy qo‘qqayib turardi. Butun shaharda shu uygina omon qolgandi. Har kuni tunda vayron bo‘lgan shaharning o‘zidan chiqarayotgan radioaktiv nurlari bir necha mil uzoqdan ham ko‘zga tashlanib turardi.
O’nu o‘n besh daqiqa. Bog‘dagi changlatgichlar tillarang favvoralar otib, ertalabki yengil havoni jimjimador suv munchoqlari mavjlariga to‘ldirdi. Deraza oynalaridan suv jilg‘alari oqib tusha boshladi, so‘ng sirtidagi oq bo‘yoq paqqos kuyib ketgan egma g‘arbiy devor bo‘ylab jildiray ketdi. Besh joydagi ola-chalpoqni aytmasa, butun g‘arbiy devor qop-qora tusda edi. Ana, bo‘yoq maysa o‘rgich uskunani dumalatib ketayotgan erkak qiyofasiga kirdi. Ana, xuddi fotosuratdagidek, bir ayol gul uzgani engashib turibdi. Undan narida — birgina ulkan lahzada yog‘ochda kuyib qotib qolgan yana bir qancha qiyofalar… Bolakay qo‘llarini yuqoriga siltab ko‘tardi, undan yuqorida irg‘itilgan koptok shakli qotib qoldi; bolakayning ro‘parasida bir qiz koptokni tutmoqchi bo‘lib qo‘llarini baland ko‘targan, ammo koptok pastga tushmay, havoda muallaq qolib ketgan.
Faqat beshta bo‘yoq dog‘i bor — erkak, ayol, bolalar va koptok. Qolgan barchasi — yog‘och ko‘mirning yupqa qatlami, xolos.
Changlatgichdan yog‘ayotgan sokin yomg‘ir bog‘ni to‘kilib tushayotgan nur uchqunlari bilan to‘ldirdi…
Shu kungacha uy o‘z tinchligini qanchalik mustahkam saqlab kelgan-a! “Kim u? O’zingizni taniting!” deya u nechog‘lik hushyorlik bilan so‘rab-surishtirmagan! Yolg‘iz tulkilardan va shikoyatnamo miyovlagan mushuklardan tegishli javob ololmagach, qariqiz shiddati ila derazalarni qarsillatib yopmagan va pardalarni silkib tushirmagan. Jinnilik bilan chegaradosh bo‘lgan muhofazakorlik — goho mexanizmlarda ham paranoyya dardi uchrab turadi-da.
Bu uy har bir tovushdan titrab tushar edi. Chumchuq nogahon qanoti bilan derazaga tegib ketdimi, o‘sha zahoti parda qattiq shatirlab ketar va yuragi yorilgan qush orqa-oldiga qaramay qochar edi.
Hech kim — hatto chumchuq ham — uyga tegishga botinolmasdi!
Uy minglab katta va kichik rohiblaru yugurdaklari bo‘lgan ibodatxona edi, ular toat-ibodat qilar, jo‘rlikda diniy qo‘shiq aytar edilar. Biroq ma’budlar g‘oyib bo‘lgan, marosim esa mantiqsiz va ma’nosiz bir holda davom etardi.
O’n ikki.
Katta eshik yonida cho‘chib tushgan ko‘ppak irillab qo‘ydi.
Eshik it tovushini darhol bildi va ochildi. Bir vaqtlar sog‘lom, to‘q yashagan, endi esa sharti ketib, parti qolgan, tullak ko‘ppak ortidan iflos izlar qoldirib ichkariga yugurib kirdi. Uning orqasidan bezovta qilishgani, uyni yana supurib-sidirishga majbur qilishganidan zardalari qaynab darg‘azab sichqonlar kuymanglashib qolishdi!
Eshik tagidagi tirqishdan ichkariga bir kichkinagina chang zarrasi kirdi demaguncha devor panellari asta ko‘tarilardi-da, ko‘z ochib yumguncha u yerdan ma’dan farroshlar sakrab-sakrab yetib kelar edilar. Mittigina po‘lat jag‘lar tutib olgan jur’atkor qog‘oz parchasi, chang zarrasi yoki bir tola tuk devorlarda ko‘zdan yo‘qolardi. U yerdan quvurlar orqali axlat tagxonaga, axlat kuydirish mashinasining guvillagan qorniga borib tushardi. Axlat kuydirish mashinasi bamisoli dahshatli darrandaday qorong‘i burchakda cho‘nqayib turardi.
Ko‘ppak yuqoriga qarab chopib borar ekan, bu yerda o‘lik sukunatdan boshqa hech zog‘ yo‘qligini anglamagan holda — uy esa buni allaqachon anglab yetgandi — har bir eshik ro‘parasida o‘chakishib akillardi.
U hidlandi-da, oshxona eshigini tirnadi, so‘ng hidlashini to‘xtatmay eshik yonida yotib oldi.
Eshikning narigi tomonidagi pechkada chalpak pishmoqda edi, undan butun uyga yoqimli, qarag‘ay qiyomining ishtahani qitiqlaydigan va to‘yimli hidi anqimoqda edi.
Ko‘ppakning og‘zi ko‘pikka to‘ldi, ko‘zlari o‘t bo‘lib chaqnadi. U sapchib oyoqqa turdi, dumini tishlab gir aylandi, jon talvasasida tipirchiladi-da, tarrakday qotdi-qoldi. Shu alpozda u mehmonxona bo‘lmasida bir soatcha yotdi.
Soat ikki, — kuyladi ovoz…
Nihoyat kuygan narsaning bilinar-bilinmas hidini olib, uyalardan xuddi elektr yelpig‘ichi uchirgan qovjiroq yaproqlardek sichqonlar galasi yengil va shiddat ila vizillab otilib chiqdi.
Ikkiyu o‘n besh daqiqa.
Ko‘ppak g‘oyib bo‘ldi.
Tagxonadagi axlat pechkasi bexos alanga yallig‘idan yorishib ketdi va mo‘ridan yuqoriga qarab uchqunlar shiddat bilan ko‘tarildi.
Ikkiyu o‘ttiz besh daqiqa.
Ichki sahn devorlaridan qartavozlar stollari sakrab chiqdi. Ko‘zoynaklari yilt-yilt qilib, qartalar joy-joyiga uchib ketdi. Dub peshtaxtada kokteyllar va tuxumli sendvichlar paydo bo‘ldi. Musiqa yangradi.
Biroq stollar sukut saqlardi va hech kim qartalarga qo‘l urmadi.
Roppa-rosa to‘rtda xuddi ulkan kapalaklardek stollar taxlandi-da, yana devorlar ichiga kirib ketdi.
Soat to‘rt yarim.
Bolalar xonasining devorlari yorishib ketdi.
Ularda hayvonlar paydo bo‘ldi: sariq jirafalar, zangori arslonlar, qizil g‘azollar, gulobiy qoplonlar — barchalari billur to‘shami uzra sakrar edilar. Devorlar shishadan bo‘lib, tasavvurdagi bo‘yoq va o‘yinlarni o‘zida yaxshi aks ettirardi. Pinhoniy kinotasmalar tishlar bo‘ylab g‘altakdan g‘altakka suzib o‘ta boshladi va devorlar jonlandi. Xona poli shamoldan to‘lqinlanayotgan ekin dalasi misol chayqalardi, undan alyumin suvaraklar va temir chirildoqlar yugura boshladi, jazirama tinch havoda, hayvon izlarining hidi ichida g‘oyatda nafis qizil matodan yasalgan kapalaklar uchar edi! Temirchi bosqonining sim-siyoh qa’rida g‘ivirlayotgan asalarilar galasi ovoziga o‘xshash g‘o‘ng‘illash eshitildi.
Ortidan o‘lja yeb to‘ygan arslonning erinchoqlik bilan irillashi keldi. Okapi1 tuyoqlarining tovushi va siyrak maysalarning nozik poyalariga kelib tushayotgan muzdek yomg‘ir shatiri quloqqa chalindi. Ana, devorlar eriy boshladi, quyoshning olov seliga ko‘milgan o‘tloqzorlar va tubsiz jazirama osmonning bepoyon kengliklariga singib ketdi. Hayvonlar tikonli to‘qaylar va suvloqlar bo‘ylab yoyildi.
Bolalar uchun eshittirish vaqti bo‘ldi.
Soat besh. hammom shaffof qaynoq suvga to‘ldi.
Soat olti, yetti, sakkiz bo‘ldi. Tushlik solingan idishlar g‘aroyib qiliqlar ko‘rsatdi, so‘ng xonada nimadir shirq etdi va jonga huzur beruvchi olov yonib turgan kamin oldidagi temir shtativda nogahon yumshoq kulrang kuldan qalpoq kiygan kashanda sigara paydo bo‘ldi.
Soat o‘n. Ko‘zga ko‘rinmas simlar choyshabni isitdi — bu yer tunlari sovuq bo‘lardi.
Soat to‘qqizdan besh daqqiqa o‘tdi. Xona shiftidan ovoz keldi:
— Missis Maklellan, bugun qaysi she’rni eshitgingiz kelayapti?
Uy sukutda.
Oxiri ovoz dedi:
— Hech bir xohish izhor qilmaganingiz uchun men o‘zim tavakkal qilaman.
Jo‘rlikda chalingan ohista musiqa yangraydi.
— Sara Tisdeyl. Agar yanglishmasam, siz sevgan she’r.
Yoqimli yomg‘ir yog‘ib, anqiydi tuproq hidi,
Tongdan tonggacha chaqqon chittak tinmay sayraydi.
Anhorlarda baqalar qurillaydi har kecha,
Sa’valar xonish qilar dam ham olmasdan picha.
Oq ko‘pikli bog‘larda olcha gullari lov-lov,
Devorlardan ko‘chaga go‘yo otilar olov.
Urushni ammo hech kim, hech kim eslamas bu on,
Yotgan ilonni qo‘zg‘ash keltirar faqat ziyon.
Yer yuzida odamzot nasli qurur bo‘lsa gar
Na qushcha, na majnuntol qatra ko‘z yoshi to‘kar.
Bahor… ha, Bahor fasli yangi tongni kutadi,
Bilmaydiki, bizlar yo‘q, umri zoe o‘tadi.
Kaminda so‘nib borayotgan olov lip-lip qilardi, sigara unsiz kulga aylanib to‘kilib tushardi. Gung devorlar oralig‘ida bir-biriga qarama-qarshi ikki oromkursi turibdi, musiqa hamon yangrardi.
Soat o‘nda talvasa boshlanadi.
Shamol esdi. Daraxtdan sinib tushgan quruq butoq oshxona derazasiga taqalib qoldi. Dog’ ketkazgich eritmali shisha plitaga urilib chil-chil bo‘ldi. Bir lahzada butun oshxona olov ichida qoldi!
— Yong‘in! — qichqiriq eshitildi. Chiroqlar lip-lip qilardi, nasoslardan, tarang tortilgan shiftlardan suvlar tizillab otildi. Biroq suyuq yonilg‘i linolium bo‘ylab yoyilib ketdi, u singdi-da, eshik tagiga sho‘ng‘idi va ortidan talay odamlar jo‘rlikda kuylab yubordi:
— Yong‘in! Yong‘in! Yong‘in!
Uy bardosh berishga urinardi. Eshiklar zich yopilib qoldi, biroq deraza oynalari issiqqa chidolmay otilib ketdi va shamol olovni gurillatib yubordi.
Olov tazyiqi ostida o‘n milliardlab darg‘azab uchqun surbetlarcha yovuzlik ila xonadan-xonaga uchib kirar va zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilardi, uy chekina boshladi.
Hamon devorlardan yo‘rg‘alagancha sarosimali suv kalamushlari chiqib kelmoqda edi va yana suv olib kelgani izlariga qaytar edilar. Devor changlatgichlar ham mexanik yomg‘ir sinchlarini havoga ko‘tarishdi. Ammo kech edi. Allaqaerda og‘ir uh tortib, yelkalarini kergan ko‘yi nasos qotib qoldi. Olov bilan olishayotgan yomg‘ir tindi. Necha kunlardan beri hammomlar va idish yuvish xonalarni ta’minlab kelgan zaxira qozondagi suv tugab bo‘lgandi.
Zinalarni birin-ketin yamlagancha olov chars-churs qilardi. Yuqoridagi xonalarda u mechkay odamga o‘xshab Pikasso va Matissning suvratlarini mazza qilib tushirar, moyli qobig‘ini yalar va xolstlarni avaylabgina qora naycha qilib o‘rar edi.
Olov karavotlargacha yetib bordi, hali zamon deraza rahlariga sakrab chiqadi-da, darpardalarga qaytadan gul beradi!
Biroq shu zahoti ko‘mak yetib keladi.
Chordoq tuynuklaridan ko‘zga ko‘rinmas robotlar pastga tikilib turar va forsunka og‘izlaridan yashil dorilar ufurardi.
Olov birdan turtinib ketdi; hatto fil ham o‘lgan ilonni ko‘rganda shoshib qoladi-ku. Hozir bo‘lsa poldan yigirmata ilon o‘rmalab kelardi, yashil ko‘pikli sovuq, toza zahri bilan olovni o‘ldirmoqda edi.
Ammo olov ham anoyi emasdi, u alangali tillarini devor tashqarisidan yuqoriga, chordoqqa yubordi — u yerda nasoslar bor edi. Gumbur-r-r! Nasoslari boshqarib turadigan elektr miya birinchi nayzasini to‘sinlarga sanchdi.
So‘ng olov orqaga qaytdi va kiyimlar osig‘liq barcha hujralarni aylanib chiqa boshladi.
Dub suyaklari qisirlab, uy titrab ketdi, uning yalang‘ochlanib qolgan skeleti issiqdan bukildi, uning tomirlari — simlar tarmog‘i shalvirab osilib qoldi, go‘yo qizil tomirlari va kapillyarlari jazirama havoda tez-tez urishi uchun qandaydir jarroh uning terisini shilib olayotganday. Qorovul! Korovul! Yong‘in!
Qochinglar, jonlaringni saqlab qolinglar! Olov ko‘zgularni qishdagi mo‘rt muzdek mayda-mayda qilib ushatardi. Ovozlar esa nola qilardi: “Yong‘in, yong‘in, qochinglar, jonlaringni saqlab qolinglar!” Go‘yo ovloq o‘rmonga olib borib tashlangan va o‘layotgan o‘n ikki bola biri past, biri baland ovozda mungli bolalar qo‘shig‘ini aytayotgandek. Biroq simlarning qobiqlari qovurilgan kashtanlar misol birin-ketin tinmoqda edi. Ikkita, uchta, to‘rtta, beshta ovoz gum bo‘ldi.
Bolalar xonasida olov junglini qamrab oldi. Zangori arslonlar o‘kirar, qirmizi jirafalar sakrar edilar.
Qoplonlar dam sayin ranglarini o‘zgartirib, u yoqdan-bu yoqqa o‘zlarini otar edilar; olovdan jon saqlash niyatida o‘n million hayvon uzoqdagi qaynoq daryo tomon chopib bormoqda edi…
Yana o‘n ovoz o‘ldi. So‘nggi lahzada olov seli gumburi orasidan boshqa, ma’nosini yo‘qotgan ovozlarni farqlash mumkin bo‘lardi, hali vaqt bor edi, musiqa yangrardi, maysazor bo‘ylab teleboshqaruvli mashina o‘roq kezinardi, telbalangan soyabon goh ochilib, goh yopilib yotgan, tashqari eshik ostonasidan orqaga va oldinga sakragani-sakragan edi, — ostonadan birvarakayiga mingta buyum o‘tardi, xuddi yuzlab soat birdaniga zang urgan soatsozlik ustaxonasimi deysiz: qandaydir yagonalikka payvandlangan telba to‘s-to‘polon hukmron edi bunda; qo‘shiqlar, qiyqiriqlar va so‘nggi axlatchi sichqonlar tozalash, bu dahshatli, isqirt kulni yo‘qotish uchun inlaridan sakrab-sakrab chiqib kela boshladilar! Bir ovoz esa sodir bo‘layotgan voqealardan azbaroyi nafratlanganidan tutab yotgan xonada she’r o‘qiy ketdi, to barcha plyonkalar yonib bitmaguncha, barcha simlar erib ketmaguncha, barcha kesmalar to‘kilib tushmaguncha she’r o‘qishdan to‘xtamadi.
Nihoyat, olov uyni portlatib yubordi va u har tomonga dud va uchqun sochgancha yerga yuz tuban ag‘darilib tushdi.
Chala yongan va yonayotgan to‘sinlar to‘kilib tushguniga qadar bir soniya qolganda oshxonada pechka aql bovar qilmas tezlikda nonushtalar tayyorlardi: o‘nta tuxum, oltita baton, ikki yuz bo‘lak cho‘chqa yog‘i — shular barini olov bitta qo‘ymay yamlar, hansirayotgan pechkani yana va yana jazavaga tushib ovqat pishirishga majbur qilardi.
Gumbur. Chordoq oshxona va mehmonxona bo‘lmasiga qulab tushdi, mehmonxona bo‘lmasi birinchi qavatga, birinchi qavat tagxonasiga yastlandi-qo‘ydi. Muzlatkichlar, oromkursilar, filmli o‘ramalar, karavotlar, elektr asboblari — hammasi bukilib-egilib pastga qulab tushdi.
Dud va sukunat. Tutun buruqsib ko‘tarilardi.
Sharqdan asta tong otib kelardi. Xarobalar orasida bittayu bitta devor butun saqlanib qolgandi.
Shu devor ichidan so‘nggi tanho ovoz gapirar edi, quyosh tutab yotgan siniq va bo‘laklarni allaqachon yoritganiga qaramay u hamon takrorlar edi;
— Bugun 2026 yil 5 avgust, bugun 2026 yil 5 avgust, bugun…