Daryo tinchgina qoq tush oftobi ostida oqib borardi.
— Xo‘sh, Sem! — miyig‘ida kuldi Kvortermeyn bobo, — endi qora ishni o‘zing qilishingga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi.
— Oqi ham o‘zimdan ortmaydi. — Tis bobosiga qaramasdan dedi.
Bobosi o‘girildi-da, jim bo‘ldi.
— Hoy, menga qara, shoshma! — Semyuel Tis ayvondan sakrab tushdi-da, oldinga intilib barvasta negr o‘tirgan otning yuganidan tutdi. — Bo‘ldi, Belter, tush, yetib keldik!
— Yetib keldik, ha, ser, — Belter sirg‘alib yerga tushdi.
Tis uni nigohi bilan kuzatdi.
— Xo‘sh, bu nima deb ataladi?
— Bilasizmi, mister Tis…
— Yo‘lga otlandingmi-a? Haligi qo‘shiq bor-ku… Hozir eslayman… “Osmoni falak sari” — shunaqaroqmidi-ey?
— Ha, ser.
Keyin nima bo‘lishini kutib negr sukut saqladi.
— Mendan ellik dollar qarz ekanliging esingdan chiqmadimi?
— Yo‘q, ser.
— To‘lamay quyonni surib qolmoqchimiding? Yelka-pelkang qichimayaptimi, mabodo?
— Ser, bu yerda shunday to‘s-to‘polonki, miyam ham achib ketdi.
— Miyasi achiganmish… — Tis ayvondagi o‘z tomoshabinlariga g‘azab bilan im qoqib qo‘ydi. — Jin ursin, mister, nima qilishingni o‘zing bilasanmi?
— Yo‘q, ser.
— Sen shu yerda qolasan-da, menga o‘sha elliktalik ko‘kni ishlab berasan, bo‘lmasa Semyuel degan otimni boshqa qo‘yaman.
U orqasiga qayrildi-da, bostirma tagidagi erkaklarga tantanavor jilmayib qo‘ydi.
Belter ko‘chani limmo-lim to‘ldirgan oqimga, do‘konlar oralig‘ida tinimsiz oqayotgan qora oqimga, aravalarda, otlarda, changli boshmoqlarda ketayotgan qora oqimga, uni to‘satdan sug‘urib olgan qora oqimga qarab turardi. U titrab ketdi.
— Meni qo‘yib yuboring, mister Tis. Men u yoqdan pulingizni yuboraman, chin vijdon so‘zim.
— Menga qara, Belter. — Tis negrning shim tasmalaridan ushlab oldi, arfa torlari kabi goh unisini, goh bunisini tortar ekan, osmonga qaradi va ijirg‘anib pishqirdi-da, qoq suyak barmog‘i bilan falakdagi xudoga ishora qildi. — U yoqda seni nima kutayotganini bilasanmi, Belter?
— Menga nimalar aytishgan bo‘lsa, shuni bilaman.
— Unga aytishganmish! Iso Masih haqida! Yo‘q, eshitdilaringmi, unga aytishganmish! — U xuddi qo‘g‘irchoq o‘ynagandek Belterning shim tasmasidan tutgancha naridan-beri chayqar va barmog‘ini uning yuziga nuqir edi. — Gaplarim esingda bo‘lsin, Belter. To‘rtinchi iyuldagi masxarabozlikka o‘xshab tepaga chiqdilaringmi — tamom! Sizlardan bir hovuch kul qoladi. U ham butun koinotga sochilib ketadi. Bu mahmadona olimlar baloni ham bilishmaydi, ular hammangizni asfalasofilinga jo‘natadi.
— Menga baribir.
— Yana yaxshi! Chunki u yerda, sizning o‘sha Marsingizda, bilasanmi, sizlarni nima kutayapti?
Qonxo‘r darranda, ko‘zlari — mana bunaqa! Kosasidan chiqqan! Bir gal jurnallarda kelajak haqidagi bir suratni ko‘rib qoluvdim, tamaddixonamizda donasini o‘n tsentdan sotishardi, xuddi o‘shanga o‘xshab, shartta sizlarga tashlanadi-da, bor iligingizni so‘rib olishadi!
— Menga baribir, baribir, baribir. — Belter o‘rmalab borayotgan oqimdan ko‘z uzmagan holda dedi.
Qop-qora manglayda ter paydo bo‘ldi. U hozir hushdan ketadigandek ko‘rinardi.
— U yerdagi sovuqni aytmaysanmi? Havo ham yo‘q, gupp etib yiqilasan-da, baliqdek tipirchilaysan.
Og‘zingni kappa-kappa ochasan-da, jon berasan! G’ujanak bo‘lasan, bo‘g‘ilasan va o‘lasan! Qalay, shu senga yoqadimi?
— Menga yoqadimi, yoqmaydimi, baribir… Iltimos, ser, meni qo‘yib yuboring. Kechikayapman.
— Qachon xohlasam shunda qo‘yib yuboraman. To sen shu yerda ekansan, ikkalamiz miriqib gaplashib olamiz, buni o‘zing ham juda yaxshi bilasan. Shunday qilib, safarga ketayapman, de? Xo‘sh, gap bunday; mister “Osmoni falak sari”, uyga qaytgin-da, tinchgina anovi elliktalik ko‘kni to‘lashni o‘yla! Senga muddat — ikki oy.
— Axir, ser, qarz to‘lagani qolsam, raketaga kech qolaman-ku!
— Obbo, baloi azim-ey! — Tis o‘zini bechorahol qilib ko‘rsatishga harakat qildi.
— Mening otimni olaqoling, ser.
— Ot qonuniy to‘lov vositasi deb e’tirof etila olmaydi. Sendan pul undirmagunimcha hech qayoqqa ketmaysan.
Tis xursand edi. Kayfiyati a’lo darajada edi.
Do‘kon oldida bir to‘p qora tanli odamlar to‘planishgandi. Ular nimagadir quloq solib turardilar.
Belter boshini egib turar, butun vujudi dag‘-dag‘ titrardi. Bir vaqt xaloyiq ichidan bir chol chiqib keldi.
— Mister!
Tis unga qaradi.
— Xo‘sh?
— Bu odam sizdan qancha qarzdor?
— Burningni suqma, itvachcha!
Chol Belterga o‘girildi.
— Qancha, o‘g‘lim?
— Ellik dollar.
Chol uni qurshab turgan odamlarga qop-qora qo‘lini cho‘zdi.
— Bizlar 25 nafarmiz. Har birimiz ikki dollardan beraylik, tezroq bo‘linglar, hozir pachakilashib o‘tiradigan vaqt emas.
— Bu tag‘in nimasi? — qichqirdi Tis gavdasini g‘oz tutib. Hammaning qo‘lida pul paydo bo‘ldi. CHol pullarni shlyapasiga to‘pladi-da, uni Belterga topshirdi.
— O’g‘lim, — dedi u, — sen raketaga kechikmaysan.
Belter shlyapaga qaradi-da, jilmaydi.
— Kechikmayman, ser, endi kechikmayman!
Tis o‘kirdi:
— Hoziroq pullarni egalariga qaytar!
Belter tavoze bilan egildi-da, unga pulni uzatdi, biroq Tis pulni olmadi; shunda negr pullarni uning oyog‘i tagiga — qoq yerga qo‘ydi.
— Mana sizning pulingiz, ser, — dedi u, — katta rahmat.
Belter jilmaygancha egarga sakrab o‘tirdi-da, otga qamchi bosdi. U cholga tashakkur bildirdi: ular yonma-yon ketib borar edilar va ko‘p o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
— Itdan tarqagan! — dedi ko‘zlarini qisib quyoshga qaragancha shivirlab Tis, — itdan tarqagan…
— Pulni yerdan ol, Semyuel — dedi kimdir ayvondan.
Butun yo‘l bo‘ylab shu narsa sodir bo‘lmoqda edi. Oyoqyalang bolakaylar yugurib kelishardi-da quloqni qomatga keltirib qichqirar edilar:
— Bisotida borlar yo‘qlarga yordam beradilar! Hamma ozod bo‘ladi! Bir boyvachcha qarzidan qutulsin, deb bir kambag‘alga ikki yuztalik “ko‘k”idan berdi! Yana bittasi boshqa kambag‘alga o‘ntalik, beshtalik, o‘n oltitalik “ko‘k”idan berdi — hamma joyda shunday qilishayapti, hamma shunday qilayapti!
Oq tanlilar aftlarini bujmaytirib o‘tirishardi. Ular ko‘zlarini qisib olgan, xuddi o‘tdek kuydiruvchi shamol va chang yuzlariga savalayotgandek aftlarini burishtirib olishgandi.
Semyuel Tis g‘azabdan bo‘g‘ilardi. Ayvonga yugurib chiqdi-da, o‘tib ketayotgan olomonga yeb qo‘ygudek tikildi. U to‘pponchasini havoda o‘ynatardi. Azbaroyi nafratdan o‘zini qo‘ygani joy topolmas edi va hammaga, unga ko‘z tashlagan har bir negrga yuzlangancha ovozining boricha bo‘kira boshladi:
— Gum! Yana raketa uchdi! — Og‘zini to‘ldirib vahima bilan dedi. — Gum! Yopiray!
Qop-qora boshlar oldinga qaragan, hech kim o‘zini eshitayotgandek qilib ko‘rsatmayotgandi, faqat ko‘zlarining oqi birrov ko‘rinardi-da, suzilgancha g‘oyib bo‘lardi.
— Ta-ta-tax! Hamma raketalar tariqday sochilib ketdi! Qichqiriqlar, dahshat, o‘lim! Gumm! Ey xudovandi karim! Menga nima, men shu yerda qolaman, ona-Yerimda! Kampirsho uyaltirib qo‘ymaydi! Ha, ha!
Changni to‘zitgancha tuyoqlar taq-tuq qiladi. Siniq ressorli furgonlar titraydi.
— Gumm! — Tisning ovozi qo‘rquvni chang va charaqlagan osmon sari quvishga harakat qilib, issiq havoda tanho jaranglardi. — Qars! Qorayaloqlarni butun koinot bo‘ylab tirqiratib yuborishdi! Iloyo meteoritlar balosiga uchrab, raketalaring chil-chil bo‘lsin! Koinotda nima ko‘p, meteorit ko‘p! Sizlar bilmas edilaringmi? Shunday! Mo‘r-malaxday bosib yotibdi koinotni, hatto undan ham ko‘p!
Raketalaringiz esa yuzdagi xoldek, sopol naychaday har tomonga sochilib ketadi! Qora treska to‘ldirilgan zang bankadan nima farqi bor! Paqildoqdek paq-paq-paq yoriladi, tamom. O’n mingta nobud bo‘lgan, yana o‘ng mingta. Yer atrofida abadiy aylanib uchib yuraveradi, muzdekkina, qoqsholgina, baland-balandlarda, arshi a’lolarda! Eshitayapsizmi, hoy, odamlar! Eshitayapsizmi?!
Jimlik. Daryo keng o‘zan bilan tinimsiz oqadi. Barcha kulbalarni obdon yalab o‘tadi. Undagi bor bud-shudni yuvib ketadi, u soatlarni, kir yuvish taxtalarini, shoyi qiyqimlarini va parda karnizlarini olib ketadi, allaqaerlardagi uzoq qora dengizga oqizib ketadi.
Kunduz soat ikki. Toshqin sal o‘ziga keladi, oqim sayozlashadi. Keyin daryo butunlay qurib qoladi.
Shaharda sukunat hukmronlik qiladi. Uylarga, o‘tirib olgan erkaklarga, baland, issiqdan mung‘aygan daraxtlarga yengil gilamdek qo‘nadi.
Jimlik.
Ayvondagi erkaklar quloq soladilar.
Hechqisi yo‘q. Shunda ularning tasavvuri, ularning fikrlari oldinga, shahar chekkasidagi o‘tloqzorga uchadi. Kallai sahardan butun atrofni tovushlarning odatdagi uyg‘un sadosi qoplaydi. Joriy qilingan tartibga sodiqlar unda-bunda qo‘shiq xirgoyi qilishadi; butalar tagida oshiq-ma’shuqlar qiqirlashadi; allaqaerda daryoda suvni chapillatib cho‘milayotgan negr bolalarining kulgilari quloqqa chalinadi.
Dalalarda yelka va qo‘llar ko‘zga tashlanadi; ko‘m-ko‘k maysalardan to‘qilgan kulbalar ichidan hazil-mutoyibalar va quvnoq suhbatlar eshitiladi.
Hozir o‘lka uzra go‘yo bo‘ron bo‘lib o‘tgandek va hamma tovushlarni uchirib ketgandek edi, hechqisi yo‘q. Go‘riston sukunati. Charm ilmoqlarda beso‘naqay eshiklar osilib qolgan. Jimjit havoda eski pokrishkalardan qilingan tashlandiq arg‘imchoqlar qotib qolgan. Kirchilarning yaxshi ko‘rgan joyi — sohildagi yassi toshlar huvillab qolgan. Tashlandiq polizlarda yakkam-dukkam tarvuzlar qalin po‘stlog‘i tagida muzdek sharbatni yashirgancha dumalab yotibdi. O’rgimchaklar tashlandiq chaylalarda yangi inlarini to‘qiydilar; ilma-teshik tomdan quyoshning zarrin nurlari o‘rniga chang sizib kiradi. Allaqaerda shoshma-shosharlikda esdan chiqqan gulxan hali ham o‘chib ulgurmagan va birdan avj olgan alanga poxol chaylaning quruq sinchini yamlashga tushadi. Shunda ochofat olovning mamnun gurillashi sukunatni buzadi.
Tosh qotgan erkaklar do‘kon ayvonchasida o‘tirishibdi.
Sira aqlim yetmaydi, kelib-kelib ular to‘satdan nega hozir ketgilari kelib qoldi! Bir qarashda hammasi joyidagidek edi. Kunda-kunda yangi imtiyozlar olishardi. Ularga tag‘in nima kerak ekan-a?!
Saylov solig‘ini bekor qildik, dangasalik bo‘lmasligi uchun qonunlar qabul qilinyapti, qayoqqa qaramang — tenglik! Shuyam kammi ularga? Har qanday oqtanlidan yomon topishmaydi — he yo‘q, be yo‘q koinotga jo‘nab yuborishdi-ya!
Bo‘m-bo‘sh ko‘chaning narigi uchida bir velosipedchi ko‘rindi.
— O’lay agar, Tis, bu kelayotgan sening Silliying bo‘ladi.
Velosiped ayvon yoniga kelib to‘xtadi, unda qizg‘ish tanli 17 yoshlardagi, suyagi buzuqqina bir o‘smir o‘tirardi. Oyoq-qo‘llari uzun-uzun, boshi tarvuzdek yumaloq. U Semyuel Tisga qarab qo‘ydi-da, jilmaydi.
— Ha, vijdoning yo‘l qo‘ymay qaytib kelibsan-da? — dedi Tis.
— Yo‘q, xo‘jayin, velosipedni olib keldim, xolos.
— Nega? Raketaga sig‘madimi?
— Yo‘q, xo‘jayin, gap unda emas.
— Nima gapligini aytmasang ham bo‘laveradi! Tush, mulkimni senga o‘g‘irlatib qo‘ymayman! — U o‘smirni turtib yubordi. Velosiped ag‘darildi. — Bor, do‘konga kirib idishlarni yuv.
— Nima dedingiz, xo‘jayin? — O’smirning ko‘zlari katta-katta ochildi.
— Nima eshitgan bo‘lsang shuni dedim! Miltiqlarni idishdan olish va qutini ochish kerak — Natchezdan mixlar kelgan…
— Mister Tis…
— Do‘konni bolg‘alarga tayyorlab qo‘yish kerak.
— Mister Tis, xo‘jayin!
— Hali ham shu yerdamisan?! — Tisning ko‘zlari shiddatkor chaqnab ketdi.
— Mister Tis, bugun dam olsam bo‘ladimi? — so‘radi o‘smir uzrli ohangda.
— Ertaga ham, indinga ham, undan keyingi kun hammi? — dedi Tis.
— Shunaqamikan deyman-da, xo‘jayin.
— Sendan qo‘rqish kerak, bu aniq. Beri kel-chi. — U o‘smirni do‘konga yetaklab ketdi va stoldan qog‘oz oldi.
— Mana bu narsani bilasanmi?
— Bu nima, xo‘jayin?
— Sening mehnat shartnomang. Sen unga imzo chekkansan, mana sening yulduzchang, ko‘rdingmi? Javob ber.
— Men imzo chekmaganman, mister Tis. — O’smirning vujudi titrab ketdi. — Yulduzchani har qanday odam ham qo‘yaveradi.
— Menga qara, Silli. Shartnomang: “Men mister Semyuel Tisga 2001 yil 15 iyuldan boshlab ikki yil ishlab berish majburiyatini olaman, bordi-yu, ishdan bo‘shamoqchi bo‘lsam, bu haqda to‘rt hafta oldin ma’lum qilaman va o‘rnimga odam topilmaguncha ishlayveraman”. Mana, — Tis kafti bilan qog‘ozga urib qo‘ydi, uning ko‘zlari chaqnardi. — Tonadigan bo‘lsang, sudga beramiz.
— Ilojim yo‘q! — qichqirdi o‘smir. Uning yuzlaridan yosh donalari dumalay ketdi. — Agar bugun ketmasam, hech qachon ketolmayman.
— Men seni yaxshi tushunaman, ha, ha, senga rahmim keladi. Lekin hechqisi yo‘q, biz senga yaxshi muomala qilamiz, yigitcha, yaxshi ovqatlantiramiz. Endi esa, bor, ishga tush, miyangdagi mana bu bo‘lmag‘ur fikrlarni chiqarib tashla, tushundingmi? Shunaqa, Silli. — Tis g‘amgin jilmaydi va o‘smirning yelkasidan qoqib qo‘ydi.
O’smir ayvonda o‘tirgan chollarga o‘girildi. Uning ko‘zlarida yosh qotib qolgan edi.
— Balki… balki… mana bu jentlmenlardan birontasi…
Bostirma tagidagi issiqdan sillasi qurigan erkaklar boshlarini ko‘tarishdi, Silliga qarashdi, so‘ng Tisga qarashdi.
— Buni qanday tushunish kerak: o‘rningga oq tanlini olib kelishsinmi? — sovuqqina so‘radi Tis.
Kvortermeyn bobo tizzalaridan qizil qo‘llarini ko‘tardi. U uzoqlarga o‘ychan qaragancha dedi:
— Menga qara, Tis. Menga nima bo‘ladi?
— Nima?
— Men Silli bilan birga ishlamoqchiman.
Boshqalar jim bo‘lib qoldi.
Tis oyoq uchida chayqalardi.
— Bobo… — dedi u ogohlantiruvchi ohangda.
— Bolakayni qo‘yib yubor, nimani kerak bo‘lsa o‘zim tozalayman.
— Siz…
— Siz rostdan aytayapsizmi, to‘g‘risimi? — Silli boboning oldiga yugurib keldi. U ham kular, ham yig‘lar, quloqlariga ishonmasdi.
— Albatta.
— Bobo, — dedi Tis. — O’sha mishiqi burningizni bu ishga suqmang.
— Bolakayni ushlab turma, Tis.
Tis Sillining oldiga keldi-da, uning qo‘lidan tutdi.
— U meniki. Men uni tungacha orqa xonaga qamab qo‘yaman.
— Kerak emas, mister Tis!
O’smir yig‘ladi. Uning yig‘lagan ovozi bostirma ostida jaranglab eshitilardi. Sillining qop-qora qovoqlari shishib ketdi. Yo‘lda uzoqdan eski, shalog‘i chiqqan ford ko‘rindi, u so‘nggi qora tanlilarni olib ketgan edi.
— Bular meniki, mister Tis. O, iltimos, xudo haqqi, sizdan iltimos qilaman!
— Tis, — dedi erkaklardan biri o‘rnidan turarkan, — qo‘ying, ketaversin.
Ikkinchi erkak o‘rnidan turdi.
— Men ham shunday o‘ylayman.
— Men ham, — dedi uchinchi erkak.
— Rost-da, — endi barchalari baravar gapirishdi. — Bas qil, Tis.
— Bolakayni qo‘yib yubor.
Tis cho‘ntagidagi to‘pponchani paypasladi. Uning ko‘zi erkaklarning yuziga tushdi. U qo‘lini cho‘ntagidan oldi-da, dedi:
— Hali shunaqami?
— Ha, shunaqa, — javob berdi kimdir.
Tis bolani qo‘yib yubordi.
— Bo‘pti, bora qol. — U qo‘li bilan do‘kon tomonni ko‘rsatdi. — Sen o‘zingning iflos ashqol-dashqolingni qoldirib ketmassan, harholda?
— Yo‘q, xo‘jayin!
— Tuguningdagi eng so‘nggi lattani ham yig‘ishtirib ol-da, yoqib yubor.
Silli boshini chayqadi.
— O’zim bilib olib olaman.
— Ular sening raketaga allaqanday lash-lushlaringni olaveradi deb o‘ylaysanmi?
— Men o‘zim bilan olib olaman, — muloyim ohangda takrorladi o‘smir.
U do‘kondan uycha tomonga chopib ketdi. Uning supurayotgani va sarishta qilayotgani eshitilib turardi. Hayal o‘tmay Silli yana paydo bo‘ldi. Pirildoqlar, zo‘ldirlar, eski varraklar va bir necha yil davomida to‘planib qolgan turli ashqol-dashqollarni ko‘tarib olgan. Shu zahoti ford yetib keldi. Silli mashinaga o‘tirib eshikni yopdi.
Tis ayvonda zaharxanda jilmaygancha tik turardi.
— Xo‘sh, u yerda nima qilmoqchisan?
— Do‘konimni ochmoqchiman, — javob berdi Silli. — Shunaqa do‘kon qurmoqchiman.
— Obbo muttaham-ey, shuning uchun menga yollangan ekansan-da, ishni o‘rganib olib, keyin bu hunardan foydalanish uchun juftakni rostlab qolmoqchi bo‘lgan ekansan-da!
— Yo‘q, xo‘jayin, men hech ham unday o‘ylaganim yo‘q, bunday bo‘lishini bilganim ham yo‘q, lekin shunday bo‘lib qoldi. Hunar o‘rganib gunoh ish qilibmanmi, mister Tis?
— Hali raketalaringga nom ham qo‘yib olgandirsan?
Qoratanlilar o‘zlarining yagona soatlari — fordning uskunalar taxtasidagi soatiga qarashdi.
— Ha, xo‘jayin?
— Hoynahoy, “Ilya”, “Jang aravasi”, “Katta g‘ildirak” yoki “Kichik g‘ildirak”, “Sadoqat”, “Umid”,
“Muruvvat” bo‘lsa kerakdir?
— Biz kemalarga nomlar o‘ylab topganmiz, mister Tis.
— “Farzand-Xudo” va “Avliyo-arvoh”mi? Ayt-chi, bolakay, bitta raketani Baptistlar cherkovi sharafiga nomlasalaring nima qilibdi?
— Endi boraylik, mister Tis.
Tis qah-qah urib kuldi.
— Nahotki birontasini “Pastroq uch”, yoki “Sharofatli arafa” deb nomlamagansizlar?
Mashina o‘rnidan jildi.
— Xayr, missis Tis.
— Sizlarda “Sochilinglar, mening suyakchalarim” degan raketa bormi?
— Xayr, mister!
— “Iordan orqali” degani-chi? Vah! Bo‘pti, yigitcha, jo‘na, raketangda gumdon bo‘l, parvoz qil, portlasa ham bir tomchi ko‘z yosh to‘kmayman!
Mashina chang buluti ichida yelib ketdi. Silli xiyol o‘rnidan turdi-da, kaftini og‘ziga karnay qilib, so‘nggi bor Tisga qichqirdi:
— Mister Tis, mister Tis, endi tunlari nima ish qilasiz? Tunlari nima ish qilasiz?
Sukunat. Mashina uzoqlarda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Yo‘l huvillab qoldi.
— U nima demoqchi bo‘ldi, shaytondan tarqagan? — dedi hayron bo‘lib Tis. — Tunlari nima qilar ekanman?
U changning o‘tirishiga qarab turdi va birdan gap nimadaligini anglab qoldi.
U tunlari uyi yonida avtomashinalar kelib to‘xtaganini, ularda esa qop-qora qiyofalar bo‘lishini, tizzalar osilib turishini, undan yuqoriroqda miltiq millari ko‘rinib turishini go‘yo mudroq daraxtlarning qop-qora shoxlari ostida bir mashina to‘la turnalar turgandek bo‘lishini eslab qoldi. Yana darg‘azab ko‘zlar… Gudok, yana gudok, miltiqni qo‘lida siqib ushlagan, o‘zicha hiringlab kulgancha eshiklarni qarsillatib yopadi, yuragi boladek o‘ynab ketadi. Yoz tuni qo‘ynida yo‘ldagi ola-tasir poyga boshlanadi, mashina poli ustida yo‘g‘on arqon o‘rami ko‘rinadi, yangi patronlar qutichalaridan paltoning cho‘ntaklari qappayib turadi. O’tgan yillar ichida bunday kunlardan nechtasi o‘tgan ekan — qahrli ko‘zlar ustiga tushib turgan soch tutamlarini silab o‘ynayotgan qarshi shamol, yaxshi, baquvvat, mahkam daraxtni ko‘rgandagi tantanavor hayqiriqlar va kulba eshigini chertish!
— Shunga shama qilgan ekan-da, itdan tarqagan! — Tis qorong‘idan yo‘l ustiga sakrab chiqdi. —
Qayt, itvachcha! Tunlari nima qilar ekanman?! Obbo gazanda-ey, pastkash…
Sillining savoli ayni nishonga urgan edi. Tis o‘zini bemor, yuragini bo‘m-bo‘sh his etdi. “Darvoqe, tunlari biz nima qilamiz-a? — o‘yladi u. — Endi hamma ketib bo‘lganda-chi?” Uning yuragi g‘ash, miyasi karaxt bo‘lib qolgan edi.
U cho‘ntagidan to‘pponchani oldi-da, patronlarni qayta sanab chiqdi.
— Nima qilmoqchisan, Sem? — so‘radi kimdir.
— Bu padar la’natini otaman!
— Sal o‘zingni bossang-chi, — dedi bobo.
Ammo Semyuel Tis do‘kon ortida g‘oyib bo‘lgan edi. Bir zumdan so‘ng u o‘zining usti ochiq mashinasida paydo bo‘ldi.
— Kim boradi men bilan?
— Ha, bir aylanib kela qolay, — dedi bobo o‘rnidan turar ekan.
— Yana kim?
Jimlik.
Bobo mashinaga o‘tirdi-da, eshikni yopdi. Changni to‘zitgancha Semyuel Tis mashinani yo‘lga olib chiqdi va ular charaqlagan osmon ostida shamoldek yelib ketishdi. Ikkalasi ham jim edi. Bulutsiz osmon uzra quyosh o‘zining olovini ayamay purkaydi.
Yo‘l ikkiga ayrilgan joy. Ular to‘xtaydilar.
— Ular qaerga ketishdi, boboy?
Kvortermeyn bobo qoshini chimirdi.
— Menimcha, to‘g‘riga qarab ketishgan.
Ular yo‘lda davom etdilar. Daraxtlar ostida yolg‘iz motor ovozi gurillaydi. Yo‘lda zog‘ uchmas edi, biroq to‘satdan ular g‘alati bir narsani payqab qolishdi. Nihoyat Tis yurishni tezlatdi-da, sariq ko‘zlarini g‘azab bilan charaqlatgancha eshikdan gavdasini chiqarib egildi.
— Jin ursin, bobo! Bu itvachchalar nimani o‘ylab topishganini ko‘rdingizmi?
— Nimani? — so‘radi bobo tikilib qaragancha.
Yo‘l yoqalab tartib bilan terilgan eski rolikli konkilar, turli mayda-chuydalarga to‘la tugunchalar, yirtiq boshmoqlar, arava g‘ildiraklari, eski shim va paltolar, ilma-teshik shlyapalar, bir vaqtlar shamolda mayin jiringlagan billur idishchalar, qizil naqshli jez bankalar, mumdan yasalgan mevalar, konfederatsiya zamonidagi pullar solingan qutichalar, tog‘oralar, kir yuvish taxtachalari, kir dorlar, sovun, kimningdir uch oyoqli velosipedi, kimningdir tok qaychilari, qo‘g‘irchoq aravachasi, xunuk qo‘g‘irchoqli quticha, negrlar baptist cherkovining ola-bula oynasi, tormoz prokladkalari to‘plami, avtomobil kameralari, matraslar, kushetkalar, tebranma stullar, kremli bankachalar, ko‘zgular yotar edi. Ammo ular barchasi shoshma-shosharlikda apil-tapil tashlab ketilgan narsalar emas, balki avaylab, hafsala bilan, did bilan, go‘yo bu yerdan butun shahar ahli yurib o‘tgandek, changli yo‘l yoqasi bo‘ylab terib qo‘yilgan edi. To‘satdan ulug‘vor karnay ovozi yangradi, odamlar o‘z qo‘r-qutlarini shundoq tuproq ustiga qo‘ydilar-da, shartta moviy falak sari ko‘tarilib ketishdi.
— Nima bo‘lganda ham “Yoqishni istamaymiz” ekan-da! — Alam bilan qichqirdi Tis. — Men ularga yoqib yuboringlar degan edim, he yo‘q, be yo‘q shuncha masofadan ko‘tarib kelishibdi-da, shu yerga terib qo‘yishibdi — qaqir-ququrlarga oxirgi marta qarab to‘yib olishibdi, mana, mana ular, qarab tomosha qiling! Bu qorayaloqlar, xudo bilsin, o‘zlarini kim deb bilishadi.
U mashinani yeldirib ketdi. G’aramlarni ezib yanchgancha, quticha va oynalarni chil-chil qilgancha, stul-pstullarni majaqlagancha, qog‘ozlarni har tomonga to‘zitgancha kilometrma-kilometr olg‘a ketib borardi.
— Mana senga! Jin ursin… Yana! Mana senga!
Oldingi g‘ildiraklar ayanchli vishilladi, mashina qayrildi-da, yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketdi. Tis peshonasini oynaga urib oldi.
— Obbo, itdan tarqaganlar-ey, — Semyuel Tis changlarini qoqa-qoqa g‘azabdan yig‘lab yuborgudek bo‘lib, mashinadan tushdi. U kimsasiz va unsiz yo‘lga qaradi.
— Endi biz ularni hech qachon quvib yetolmaymiz, hech qachon!
Ro‘parada yo‘l chekkasiga terib qo‘yilgan tugunlar va uyumlar qatorining oxiri ko‘rinmasdi, go‘yo, botib borayotgan quyoshning zarrin nurlari ostida, garmselda qolib ketgan qadimiy qadamjolardek.
Bir soatdan so‘ng holdan toygan Tis va bobo do‘konga qaytishdi. Erkaklar osmonga tikilgan va quloq solgancha hamon o‘sha yerda o‘tirishardi. Tis o‘tirib, oyog‘ini qisgan botinkalarini yecha boshlagan edi hamki, kimdir:
— Qaranglar! — deb yubordi.
— Padariga la’nat o‘shani! — bo‘kirdi Tis.
Ammo boshqalar o‘rinlaridan turib, o‘sha yoqqa qarashdi. Ular tubsiz osmon sari ko‘tarilib ketayotgan oltin urchiqlarni ko‘rishdi. Ortidan olov dumlar qoldirgancha urchiqlar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Paxtazorlarda shamol oppoq chanoqlarini erinib silaydi. Bog‘chalarda oftobda isingancha targ‘il yo‘lbars bolasiga o‘xshagan tarvuzlar dumalab yotadi.
Ayvondagi erkaklar o‘tirishdi. Bir-biriga qarashdi. Tokchalarda tartib bilan terib qo‘yilgan sariq arqonlarga, qutilardagi yaltiroq patron-gilzalariga, kumushrang to‘pponchalarga va shift ostida soyada jimgina osilib turgan cho‘zinchoq miltiqlarga qaradilar. Kimdir og‘ziga maysa tiqdi. Kimdir changda odam suratini chizdi.
Semyuel Tis tantanavor botinkasini aylantirib ichiga qaradi-da, dedi:
— Payqadilaringmi? U oxirgi damgacha meni “xo‘jayin” dedi, xudo haqqi!