Hozirgina Ogayo qishi hukmron edi: eshik va derazalar taqa-taq yopilgan, oynalarni qalin qirov bosgan; tomlarning qirralaridan nayzasimon sumalaklar osilib turar, bolalar tepaliklardan chang‘ilarda o‘qdek uchar, qora ayiq mo‘ynasidan tikilgan po‘stinli ayollar sirpanchiq ko‘chalarda kezinar edilar.
To‘satdan issiq havo to‘lqini shahar bo‘ylab yoyildi, xuddi tasodifan ochiq qolgan novvoyxona eshigidan chiqqan hovur singari hammayoqni issiq havo qopladi. Uylardan shovullab suvlar oqdi.
Butalar va bolalarning egnilari ho‘l bo‘ldi. Tomlardan sumalaklar uzilib tushar, yerga tushib mayda-mayda bo‘lar va erib ketar edi. Eshiklar lang ochildi. Osmonda bulutning choki so‘kildi. Bolalar egnilaridan sviterlarini yechib otdilar. Onajonlar ham ayiq mo‘yna po‘stinlarini yelkalaridan tashladilar.
Qor erib, o‘tloqzorda bulturgi maysalar mung‘ayib ko‘rindi.
Raketa yozi. Og‘izdan-og‘izga, uydan-uyga shu ikki so‘z ko‘chib yurar edi: Raketa yozi. Xuddi cho‘l nafasidek qaynoq havo derazalardagi muz naqshlarni eritib yubordi, ular o‘rnida nafis kashtalar suzilib ko‘rindi. Chang‘i va konkilar birdan kerak bo‘lmay qoldi. Ayozli osmondan tepalik ustiga qo‘nayotgan qor yergacha kelmay, havodayoq qaynoq yomg‘irga aylanmoqda edi.
Raketa yozi. Odamlar yomg‘ir tomchilari pitraday to‘kilayotgan ayvondan boshlarini chiqarib, qizara boshlagan osmonga qarar edilar.
Pushtirang olov va cho‘g‘dek hovur ufurib turgan kosmodromda raketa qaddini g‘oz tutib turar edi.
Ayozli qish tongida raketa o‘zining qudratli otash nafasi bilan atrofni yoz qilib yuborayotgandi. Raketa ob-havo yaratmoqda va bir necha lahzadan buyon chor atrofda yoz hukm surmoqda edi…