Dekabr 2005 SOKIN SHAHARLAR

O’lik Mars dengizi chekkasida sokin oq shaharcha yastangan. U huvillab yotardi. Ko‘chalarda zog‘ uchmasdi. Kunduzi va kechasi univermaglarda tanho chiroqlar yonib turardi. Do‘konlarning eshiklari lang ochiq, go‘yo odamlar yopishni unutib, juftakni rostlab qolgandek. Go‘ristondek jim-jit tamaddixonalarga kiraverishdagi sim dorlarda o‘qilmagan, quyoshda sarg‘aygan jurnallar shitirlar edi, ular bir oy muqaddam kumushrang raketa yordamida Yerdan keltirilgan edi.


Shaharcha o‘lik edi. Undagi to‘shaklar huvillagan va muzdek. Yakkayu yagona ovoz — simlardagi va yaqin-yaqingacha o‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib yashab kelgan dinamo mashinalardagi tokning vizillashigina quloqqa chalinardi. Hammomdan toshib chiqqan suv turar-joy xonalariga, ayvonchalarga, mo‘‘jaz bog‘chalarga oqib kirib, tashlandiq gullarni sug‘orar edi. Tim-qorong‘i tomosha zallarida ko‘plab o‘rindiqlarga pastdan yopishtirib tashlangan, hali tish izlari ham ketmagan saqichlar qotib yotardi.

Shaharcha ortida kosmodrom bor edi. So‘ng raketa Yerga tomon yo‘l olgan joyda haligacha achchiq tutun taratib tarashalar burqsirdi. Agar tangani teleskopga tushirib, uni Yerga qarab burilsa, u yerda quturib turgan katta urushni tomosha qilish mumkin bo‘lardi. Deylik Nyu-Yorkning qanday portlayotganini ham ko‘rsa bo‘lardi. Yangi xildagi tuman qoplagan Londonni tomosha qilsa bo‘lardi.

Shundagina bu Mars shaharchasini nega tashlab ketishlarini tushunish mumkin bo‘lardi. Odamlar juda tez ko‘chib ketganmidi? Duch kelgan do‘konga kiring, g‘azna tugmachasini bosing. Tangalari charaqlab va jangirlab quticha irg‘ib chiqadi. Ha, Yerda ishlar yomonga o‘xshaydi… Shaharchaning huvillagan ko‘chalari bo‘ylab ohista hushtak chalgan va bir maromda oldidagi bo‘sh qutini tepib quvlagancha bir baland bo‘yli ozg‘in odam borardi. Tund, xotirjam nigohi uning so‘qqaboshligini yaqqol ko‘rsatib turardi. U yap-yangi tangalar jangirlab turgan cho‘ntagiga qoq suyak qo‘llarini suqdi.

Bir tangani asfaltga tushirib yuborib, miyig‘ida kulib qo‘ydi va yaltiroq tangalarini ko‘chaga sepib borgancha yo‘lida davom etdi…

Uning ismi Uolter Gripp edi. Ko‘m-ko‘k Mars tog‘larida uzoq-uzoqlarda uning oltin koni va tanho kapasi bor edi va u har ikki haftada o‘ziga yuvosh, oqila ayolni xotinlikka olgani qidirib shaharga tushar edi. Bu hol bir necha yildan beri takrorlanib kelar edi va har gal u o‘sha-o‘sha hafsalasi pir bo‘lgan, ikki qo‘lini burniga tiqqan holda yolg‘iz qaytib kelar edi. Bir hafta burun shaharga kelib, u nimani ko‘rdi deng!

O’sha kuni u shu qadar hang-mang bo‘lib qolgan ediki, duch kelgan birinchi tamaddixonaga kirdi-da, birvarakay uchta go‘shtli sendvich buyurdi.

— Hammasi bo‘ladi! — qichqirdi u. U peshtaxtaga yemaklarni va sal avval pechdan olingan nonni terib qo‘ydi-da, stoldan changlarni qoqdi, o‘ziga-o‘zi o‘tirishga izn berib, biron-bir o‘tkir ichimlikka ehtiyoj sezmaguncha ovqatni paqqos tushirdi. Uolter Gripp degan do‘kon sohibi o‘taketgan ziyrak odam chiqib qoldi va ko‘z ochib yumguncha unga vishillaydigan ichimlik quyib berdi.

U jinsi shimi cho‘ntaklariga qo‘liga ilingan qog‘oz pullarini tiqib to‘ldirdi. Aravasiga o‘n dollarlik qog‘oz pullardan yukladi va jazavaga tushgan ko‘yi shahar bo‘ylab yugurib ketdi. Shahar chekkasidayoq birdan uning miyasiga, menga nima bo‘ldi o‘zi, bu ahmoqona qiliqlarim bilan sharmanda bo‘layapman-ku” degan fikr urdi. Pullarni u nima qiladi? U o‘n dollarlik qog‘oz pullarni olgan joyiga qaytarib olib bordi, o‘zining katmonidan bir dollarlik pulni sug‘urdi, uni sendvich uchun tamaddixona kassasiga tashladi va choyga yana choraktalik qo‘shib qo‘ydi.

Kechqurun u issiq turk hammomida mazza qidib cho‘mildi, suvli go‘sht va noyob qo‘ziqorin qayla tamaddi qildi, chet el oq xeres va qulupnay sharobidan no‘sh qildi. Yangi ko‘k flanel kostyumini va uning cho‘zinchoq boshi ustida o‘ynab qoladigan kulrang bayramlik shlyapasini tanladi. “Bizning keksa shaykamiz” kuyini chalayotgan avtomat radiolaga tanga suqdi. Butun shahar bo‘yicha yigirmata shunaqa avtomatga beshtalikdan suqib chiqdi. “Bizning keksa shaykamiz”ning mungli ovozlari kimsasiz tun va huvillagan ko‘chalarni to‘ldirib yangradi, u esa daroz, ozg‘in, tanho bir ahvolda yangi botinkalarini avaylab bosgan, sovuqqotgan qo‘llarini cho‘ntaklari ichida isitgan ko‘yi hamon ketib borar edi.

Shundan buyon bir hafta o‘tdi. U Mars-Avenyudagi quling o‘rgilsin uyda uyquni urdi. Ertalab soat 9da turdi, hammomda cho‘mildi-da, cho‘chqa go‘shtli tuxumlar bilan nonushta qilgani eringancha shahar tomon odimlab ketdi. Xudoning bermish kuni ertalab u navbatdagi muzxonaga tonnalab go‘sht, sabzavot, limu kremi surilgan pishiriqlarni tiqib tashlar, Yerdan raketalar qaytib kelmaguncha o‘ziga o‘n yillik oziq-ovqatni g‘amlab olardi. Hali raketalar qaytib keladimi-yo‘qmi, xudo biladi.


Bugun kechqurun esa u pushti, chiroyli rang-barang peshtaxtalardagi mum ayollarni tomosha qilgancha oldinga-orqaga tinmay egilar edi. Birinchi marta shaharning qay darajada o‘likligini his etdi.

Bir krujka pivoni simirdi-da, asta tirjaydi.

— Jin ursin, — dedi u. — Men butunlay yolg‘izman.

U “Elit” kinoteatriga kirdi, yolg‘izlik haqidagi fikrlardan chalg‘itish uchun u o‘ziga kino ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Zal ichi bo‘m-bo‘sh va dahmadagidek jim-jit edi, keng ekran bo‘ylab kulrang va qora sharpalar suza boshladi. Uning vujudi titrab ketdi va shaytonlar in qurgan bu maskandan qorasini o‘chirishga jazm etdi.

Uyga qaytishga ahd qilib, u tez-tez yurib borardi, telefon qo‘ng‘irog‘ini eshitib, jim-jit mahalla tosh ko‘chasidan qariyb yugurib ketdi.

U quloq soldi.

“Qaerdadir telefon jiringlayapti”.

U olg‘a yurishda davom etdi.

“Hozir kimdir go‘shakni oladi”, — erinchog‘lik bilan o‘yladi u.

U yo‘lka chekkasiga o‘tirdi va botinkasidan shoshmay toshchalarni qoqib tushira boshladi.

Birdan qattiq qichqirib oyoqqa turdi:

— Kimdir! Samoviy kuchlar, nahotki bu men bo‘lsam!

U talvasa ichida atrofga alangladi. Qaysi uyda? Hov anavunda! Maysazor ustidan uchib o‘tdi, zinapoyalardan yuqoriga otildi, uyga kirdi, qop-qorong‘i zalda turibdi.

Shiddat bilan go‘shakni oldi.

— Allo! — qichqirdi u.

— Zzzzzzzzzzzzz.

— Allo, allo!

Qo‘yib qo‘yishibdi.

— Allo! — o‘kirdi u va go‘shakni siltadi. — Padaringga ming la’nat! — O’zini o‘zi so‘kdi u. — Yo‘lakda o‘tirib senga zarurmidi, galvars! Shaytonvachcha, to‘nka! — u qo‘llari bilan telefon apparatini qattiq siqdi. — Qani, yana bir qo‘ng‘iroq qil. Qani!

Shu paytgacha Marsda undan boshqa biron-bir odam qolishi mumkinligi uning miyasiga ham kelmagandi. O’tgan butun hafta davomida u bitta ham odamni ko‘rmadi. U boshqa barcha shaharlar ham mana shunday kimsasiz deb xayol qilgan edi.

Endi esa hayajondan titrab-qaqshagancha ikki ko‘zini qora qutichadan ololmasdi. Avtomat telefon tarmog‘i Marsning barcha shaharlarini bir-biri bilan ulab turardi. Ular o‘ttizta — qaysi biridan qo‘ng‘iroq qilishdi ekan?

U bilmasdi.

U kuta boshladi. Yot xonadon oshxonasiga o‘tdi, muzlagan qulupnay erib yotardi, uni g‘amgingina yedi.

— Bu yerda hech kim bo‘lmagan aslida, — g‘udrandi u. — Balki shamol qaerdadir simyog‘ochni ag‘darganda tasodifan simlar ulanib qolgandir.

Lekin u kimdir narigi tomonda go‘shakni ilgandagi shirq etgan ovozni eshitdi-ku?

Butun tunni Uolter Gripp zalda o‘tkazdi.

— Bu yerda telefonning hech qanday aloqasi yo‘q, — o‘zini ishontirib dedi u. — SHunchaki mening boshqa qiladigan ishim yo‘q.

U soatining chiq-chiqiga quloq tutdi.

— Xotinim endi qo‘ng‘iroq qilmaydi, dedi u. — Javob bermagan odamga qaytadan raqamlarni terish unga zarur kelibdimi? Ehtimol, ayni daqiqalarda shahardagi boshqa uylarga qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsa kerak! Men bo‘lsam bu yerda o‘tiribman… Shoshma! — u miyig‘ida kuldi. — Nega men “xotinim” deyapman?

U sarosima ichida ko‘zlarini pirpiratdi.

— Axir erkak kishi ham mana shunday dadil ko‘ng‘iroq qilishi mumkin-ku, shunday emasmi?


Yurak urishi sezilmasdi. Muzdek va bo‘m-bo‘sh, g‘oyat bo‘m-bo‘sh.

U ayol kishi bo‘lishini juda-juda xohlardi.

U uydan chiqdi-da, erta tong g‘ira-shirasida arang ko‘zga chalingan ko‘cha o‘rtasida to‘xtadi.

Quloq soldi. Tiq etgan tovush yo‘q. Na bir qush, na bir mashina ovozi eshitiladi. Faqat yurak dukullaydi. Duk — jimlik — duk. Azbaroyi zo‘riqishdan yuzi burishib ketadi. Shamol esa shu qadar mayin, shu qadar nazokat bilan esardiki, epkinlari uning pidjagi etaklarini ohista siypab o‘tadi.

— Jim, — shivirladi u. — Quloq sol!

U nigohini bir jim-jit uydan boshqasiga olgancha asta joyida aylandi.

Ayol raqamlarni ketma-ket teradi, o‘yladi u. Bu ayol kishi bo‘lishi kerak. Nima uchun? Faqat ayol kishigina barcha raqamlarni qayta teradi. Erkak kishi unday qilmaydi. Erkak kishi o‘ziga ishonganroq bo‘ladi. Axir men kimgadir qo‘ng‘iroq qilganmanmi? Yo‘q! Bunday qilish hatto xayolimga ham kelmagan! Bu ayol kishi bo‘lishi kerak. Albatta, ayol kishi, xudo shohid!

Quloq sol.

Uzoq-uzoqlarda, huv yulduzlar ostida telefon jiringladi.

U yugurib ketdi. Quloq solgani to‘xtadi. Ohista jiring. Yana bir necha qadam yurdi. Qattiq jiring eshitildi. U burildi-da, xiyobon yoqalab olg‘a intildi. Jiring kuchayib borardi! Oltita uydan o‘tdi, yana oltita! Juda ham qattiq jiringladi! Mana bumi? Eshik yopiq edi.

Ichkarida telefon jiringlardi.

— Eh, la’nati! — U eshik dastagini silkitdi.

Telefon jon-jahdi bilan jiringlardi.

U ayvondagi o‘rindiqni ko‘tardi-da, aylantirib mehmonxona derazasiga soldi va singan derazadan ichkariga sakradi.

U go‘shakni olishga ham ulgurmay, telefon jimib qoldi.

U xonadan-xonaga o‘tar, oynalarni sindirar, pardalarni yular, oshxona plitasini tepar edi.

Nihoyat majolsizlanib, u Yerdan Marsdagi barcha abonentlar qayd etilgan telefon kitobchasini oldi.

Ellik ming ismi sharif.

Birinchi ismi sharifdan boshladi.

Ameliya Amz. Nyu-Chikago. O’lik dengizning narigi tomonidan yuz mil narida. U shuning raqamini terdi.

Javob yo‘q.

Ikkinchi abonent Nyu-Yorkda moviy tog‘lar ortida besh ming mil narida turardi.

Javob yo‘q.

Uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi; titroq barmoqlar go‘shakni bazo‘r ushlab turardi.

Ayol ovozi javob berdi:

— Allo?

Uolter javoban qichqirdi:

— Allo, ey xudoyim, allo!

— Bu yozuv, — dona-dona qilib dedi ayol ovozi. — Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga nima kerak, ovozingiz simga yozib qolinadi, bu xonim qaytgandan keyin sizga telefon qilishi uchun kerak bo‘ladi. Allo? Bu yozuv. Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga nima kerak…

Sem go‘shakni ildi.

Uning lablari titrardi.

Bir oz o‘ylab turib, u qaytadan raqamlarni terdi.

— Miss Elen Arazumyan uyga qaytganida, — dedi u, ayting: telefoni bilan qo‘shmozor bo‘lsin.

U Marsning markaziy kommutatoriga, Nyu-Boston, Arkadiya va Ruzvelt-Siti telefon stantsiyalariga qo‘ng‘iroq qildi. U yerda biron-bir joyga qo‘ng‘iroq qilishga harakat qilgan odamlar topilib qolishiga ko‘proq umidvor edi, so‘ng har bir shahardagi ratushalar va boshqa davlat idoralariga qo‘ng‘iroq qilib chiqdi. Eng yaxshi mehmonxonalarga qo‘ng‘iroq qildi. Yegani oldida, yemagani ketida qabilida yashashni qaysi ayol xohlamaydi. Birdan u qattiq qarsak chaldi-da, qah-qah urib kulib yubordi. Ha, bo‘lmasa-chi! Telefon daftarchasini ochib ko‘rdi-da, xalqaro telefon tarmog‘i orqali Nyu-Teksas-Sitidagi eng yirik pardozxona raqamini terdi. Baxmal qoplamali, hashamdor pardozxonadan boshqa qaerdan ham qidirarding ayolni, bu yerda u goh u oyna, goh bu oyna o‘rtasida yugurib yurgan, yuziga har turli moyupalarni chaplayotgan, elektr quritgich ostida o‘tirgan bo‘lishi kerak!

Qo‘ng‘iroq uzoq jiringladi. Simning narigi uchida kimdir go‘shakni oldi.

Ayol ovozi yangradi:

— Allo?

— Agar yozib olinayotgan bo‘lsa, — chertib-chertib dedi Uolter Gripp, — men boraman-da, la’nati pardozxonangizning kulini ko‘kka sovuraman.

— Hech kim yozib olayotgani yo‘q. — Javob berdi ayol ovozi. — Allo, allo, nahotki u yerda tirik odam bo‘lsa! Qaerdasiz?

Ayol shodon chiyilladi.

Uolter stuldan ag‘darilib tushayozdi.

— Allo… — U ko‘zlari yongancha sakrab oyoqqa turdi. — E, xudo, bu qanday baxt, ismingiz nima?

— Jeneveva Selzor! — ayol go‘shakka yig‘lab gapirdi. — Oh, xudo, kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, ovozingizni eshitganimdan shunday xursandmanki!

— Men Uolter Grippman!

— Uolter, salom, Uolter!

— Salom, Jeneveva.

— Uolter. Qanday ajoyib ism. Uolter, Uolter, Uolter!

— Rahmat.

— Axir qaerdasiz, Uolter?

Qanchalik mehribon, quvnoq, nafis ovoz… U ayol erkalab shivirlab gaplashishi uchun go‘shakni qulog‘iga qattiqroq bosdi. Uning oyog‘i chalinib ketmoqda edi. Yuzi lov-lov yonardi.

— Men Merlin-Villijdaman, — dedi u. — Men…

Zzzz.

— Allo? — Shoshib qoldi Uolter.

Zzzz.

U dastakka urib ko‘rdi. Hech gap yo‘q.

Allaqaerda shamol simyog‘ochni ag‘dargan. Jeneveva Selzor ham qanday tez paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday tez g‘oyib bo‘ldi.

Uolter raqamni terdi, biroq apparat gung-lol edi.

— Hechqisi yo‘q, uning qaerdaligini endi bilib oldim-ku.

Uolter yugurib uydan chiqdi. Ertalabki quyosh nurlari ostida u begona garaj ichidan sport mashinasini orqa bilan haydab chiqdi, orqa o‘rindig‘iga uydan olgan oziq-ovqat mahsulotlarini tashlab qo‘ydi va soatiga sakson mill tezlik bilan Nyu-Teksa-Sitiga qarab uchib ketdi. Ming mil, o‘yladi u.

CHida, Jeneveva Selzor, men seni uzoq kuttirib qo‘ymayman!

Shahardan chiqar ekan, u har bir muyulishda chinqiratib signal berardi.

Kun botardi, ayovsiz poygali kundan keyin u mashinani yo‘l chekkasiga burib to‘xtatdi, oyog‘ini qisgan botinkalarini yechib tashladi, o‘rindiqqa cho‘zildi-da, hashamdor shlyapasini horg‘in ko‘zlari ustiga tortib qo‘ydi. U sekin, bir tekisda nafas olar edi. Oqshom qorong‘iligida sarin shabada esar, yulduzlar quvnoq jimjima qilar edi. CHor atrofda qadimdan-qadim Mars tog‘lari savlat to‘kib turardi.

Yulduzlarning nurlari shaxmat donalari kabi moviy yonbag‘irlarga tutashib ketgan Mars shaharchasi minoralari ichida jimirlar edi.

U uyqu bilan bedorlik o‘rtasidagi allaqaerda ivirsigancha cho‘zilib yotardi. U shivirladi: Jeneveva.

So‘ng asta xirgoyi qila boshladi. “Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab. Lekin azizim Jeneveva…” Uning ko‘ngli xotirjam edi. Quloqlari ostida ayolning past, mayin, bir maromdagi ovozi jaranglardi: “Allo, hoy Uolter! Hech kim yozib olmayapti. Axir qaerdasan, Uolter?”


U oh tortdi, qo‘lini tekkizib olmoqchidek, oy nuriga qarab uzatdi. Shamol uning uzun qora sochlarini, ajoyib sochlarini to‘zitib yubordi. Lablari tandirdagi yallig‘langan cho‘g‘dek. Yanoqlari esa hozirgina uzib olingan bir juft atir guldek. Badani ham oppoq tumandek harir, mayin, ravon, nafis ovozi esa unga qadimgi mungli bir qo‘shiqni xirgoyi qilayotgandek:

“Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab…”

U uxlab qoldi.

U Nyu-Teksas-Sitiga yarim tunda yetib keldi. Mashinani “Dellyuks” pardozxonasi yonida to‘xtatdi-da, heh deb qo‘ydi.

Mana, hozir ayol xandon tashlab kulgancha atirlar tumani ichidan yugurib chiqib keladi.

Ammo bunday bo‘lmadi.

— Uxlab qolgan. — Uolter eshik oldiga keldi. — Men shu yerdaman! — Qichqirdi u. — Allo Jeneveva!

Sokin shahar ikki barobar yorilib turgan oy nuriga chulg‘angan, allaqaerda shamol brezent pardani shaloplatib o‘ynardi.

U oynavand eshikni keng ochib, ichkariga qadam qo‘ydi.

— Eh-he! — yigit xijolat ichida kulib yubordi. — Yashirinma! Qaerdaligingni bilib turibman.

U barcha xonachalarni qidirib chiqdi.

Yerda mo‘‘jazgina dastro‘molcha topib oldi. Undan shunday mo‘‘jizaviy hid kelardiki, boshi aylanib, chayqalib tushdi.

— Jeneveva, — ovoz chiqarib dedi u.

U mashinasini bo‘m-bo‘sh ko‘chadan haydab borardi, biroq odam qorasi ko‘rinay demasdi.

— Hazil ham shunaqa bo‘ladimi-a…

U tezligini oshirdi.

— Shoshma-shoshma, axir bizni ajratib qo‘yishgan. Balki u men bu yoqqa ketayotganimda Merlin-Villijga jo‘navorgandir? — U qadimgi dengiz yo‘lidan ketib, kunduzi bir-birimizni ko‘rmay qolgandirmiz.

Bu yerga kelishimni u tush ko‘ribdimi? — Axir men kelishimni aytmagandim-da. Telefon jimib qolgach, u qo‘rqib ketganidan meni qidirib, Merlin-Villijga qarab uchgandir! Men bo‘lsam, bu yerda yuribman, jin ursin, men ham odam bo‘ldimmi!

U klaksonni bosdi-da, shahardan o‘qdek uchib chiqdi.

U tun bo‘yi mashinasini uchirib yurdi. Miyasida faqat bitta o‘y: “Agar uni Merlin-Villijda topmasam, nima bo‘ladi?”

Bunday xayolni miyadan chiqarib tashlash kerak. U o‘sha yerda bo‘lishi kerak. U yugurib keladi-da, uni quchoqlab oladi, ehtimol bir gal hatto labidan o‘pib ham olar.

“Jeneveva, azizim”, — pedalni soatiga yuz mill tezlikda bosgancha hushtak chalib xirgoyi qilardi u.

Merlin-Villijda ertalabki sukunat hukmron edi. Do‘konlarda hali sariq chiroqlar yonib turardi; yuz soat beto‘xtov ishlagan avtomat nihoyat elektr tutashuvdan shirq etdi-da, jimib qoldi; shu bilan to‘liq sukunat cho‘kdi. Quyosh ko‘chalarni va loqayd muzdek osmonni isita boshladi.

Uolter faralarini o‘chirmay klaksonni chinqirtirib bosgancha Meyn-stritga qarab burdi. Ko‘zlarini do‘kon lavhalaridan uzmasdi. Yuzi devordek oqarib ketgan, horg‘in, qo‘llari terdan ho‘llangan chambar ustida sirg‘alardi.

— Jeneveva! — bo‘m-bo‘sh ko‘chaga qarab qichqirdi.

Pardozxona eshigi ochildi.

— Jeneveva! — U mashinani to‘xtatdi-da, ko‘chani chopib kesib o‘tdi.

Jeneveva Selzor pardozxona eshigida turardi. Qo‘llarida ochilgan shokolad qutichasi. Do‘mboq, oppoq barmoqlar qutini mahkam ushlab turardi. Uolter yorug‘ joyga kirib kelganda, ko‘rdiki, qizning yuzi dum-dumaloq va do‘mboqqina, ko‘zlari bir dumaloq xamirga suqib qo‘yilgan bir juft yirik-yirik tuxumdek. Oyoqlari kundadek yo‘g‘on-yo‘g‘on, yurishlari g‘ozdek alpon-talpon. Sochlari — qush uyasi ko‘rinishida obdon turmaklangan bo‘lib, rangi qandaydir qo‘ng‘ir tusda. Lab degan narsaning o‘zi yo‘q.


Uning o‘rnida andoza bosib chizilgan yo‘g‘on qizil yo‘l turardi, u quvongandek bir ochilib, qo‘rqqandek yumilardi. Qoshlarini esa butunlay terib tashlagan, atigi ikkitagina ingichka tuk qoldirgan, xolos.

Uolter dong qotib qoldi. Yuzidagi tabassumdan asar ham qolmadi. U hayron bo‘lgancha bir joyda turib qoldi.

Qiz shokoladlarni yerga tushirib yubordi.

— Siz Jeneveva Selzormisiz? — o‘z ovozi begona ovozdek tuyulib so‘radi Uolter.

— Siz Uolter Griffmisiz? — so‘radi qiz.

— Gripp.

— Gripp, — to‘g‘riladi qiz.

— Salom, — bazo‘r dedi yigit.

— Salom. — Qiz uning qo‘lini siqdi.

Qizning barmoqlari shokoladdek yopishqoq bo‘lib qolgan edi.

— Xo‘sh, — dedi Uolter Gripp.

— Nima, — so‘radi Jeneveva Selzor.

— Men faqat “Xo‘sh” dedim, — izoh berdi Uolter.

— Ha.

Soat kechgi to‘qqiz. Kunduzi ular shahar tashqarisiga borishdi, kechlikka esa, yigit file-minon pishirdi, biroq Jeneveva uni yaxshi qovurilmagan deb ko‘ngli tortmadi, shunda Uolter uni yaxshilab qovurishga qaror qildi va yo ko‘p qovurib yubordi, yo kuydirib yubordi, xullas, shunga o‘xshash bir narsa bo‘ldi-da. U kuldi-da, dedi:

— Ketdik kinoga!

Qiz “mayli” dedi-da, shokolad yuqi qo‘li bilan uning qo‘ltig‘idan oldi. Biroq uning talabi ellik yil oldingi Klark Geybl qatnashgan film bilan cheklanib qo‘ya qoldi.

— Rosa kulgili narsa ekan-ku? — Qiqirlab kuldi qiz. — Ichagimni uzdi-ya!

Film tugadi.

— Yana bir qo‘yib ber, — buyurdi qiz.

— Yana? — takror so‘radi yigit.

— Yana, — javob berdi qiz.

Yigit o‘girilgan edi, qiz unga yaqinlashdi va quchoqlab oldi.

— Sen hech ham men o‘ylagandek emas ekansan, lekin mayli, bo‘laveradi, — tan oldi qiz.

— Rahmat, — dedi yigit nafasi bo‘g‘ilib.

— Eh-h Geybl tushmagur: — Qiz uning oyog‘idan chimchilab oldi.

— Voy, — dedi yigit asta.

Kinodan keyin ular “xarid qilgani” jimjit ko‘chalar bo‘ylab yurib ketishdi. Qiz oynavand peshtaxtani urib sindirdi va o‘zi tanlab-tanlab topib olgan eng ochiq rang ko‘ylakni kiyib oldi. So‘ng boshiga bir shisha atirni to‘nkarib qo‘ydi-da, suvda bo‘kkan iskovichga aylandi-qo‘ydi.

— Yoshing nechada? — qiziqsindi yigit.

— Topib ol. — Qiz uni ko‘chadan yetaklab ketdi, undan asfaltga tinimsiz atir tomchilar edi.

— O’ttizga borgandirsan? — dedi yigit.

— Ana, xolos, — quruqqina javob berdi qiz. — Endi yigirma yettiga kirdim men senga aytsam! Voy, manavi yerda qandolatxona ham bor ekan! O’lay agar, mana shu mashmashalar boshlangandan beri men boyvuchchalardek yashayapman. Qarindosh-urug‘larni hech qachon sevgan emasman. Esini yegan hammasi. Ikki oy burun Yerga uchib ketishdi. Men ham so‘nggi raketada uchib ketishim kerak edi, biroq qoldim. Bilasanmi nega?

— Nega?

— Chunki menga ta’na qilishdi. Mana shu yerda qoldim. — Istagancha o‘zingga atir quy, xurmachangga siqqanicha pivo ich, konfet ye, hech kim senga: “Kaloriyang ko‘payib ketadi!” deb ta’na qilmaydi. O’zim xon, ko‘lankam maydon!

— O’zing xon, ko‘lankang maydon. — Uolter ko‘zlarini qisdi.


— Endi kech, — dedi qiz unga qarab.

— Ha.

— Men charchadim, — dedi qiz.

— Qiziq, men sira charchaganim yo‘q.

— Ho, — dedi qiz.

— Tun bo‘yi yotmasligim mumkin, — davom etdi yigit. — Bilasanmi, Mayk barida yaxshi plastinka bor. Yur, men senga o‘shani qo‘yib beraman.

— Men charchadim. — Qiz ayyorona yiltillab turgan ko‘zlari bilan unga qaradi.

— Men esa gijinglagan toydekman, — javob berdi yigit. — Juda g‘alati-ya.

— Yur pardozxonaga, — dedi qiz. — Men senga bir narsa ko‘rsataman.

Qiz uni oynavand eshikdan ichkariga olib kirdi va katta oq quti yoniga yetaklab keldi.

— Men Teksas-Sitidan jo‘nayotganimda, — tushuntirdi qiz, — mana shuni o‘zim bilan olgan edim.

— U qizil tasmani yechdi. — Ming qilsa ham men Marsdagi yagona xonim, u esa yagona erkak bo‘ladi deb o‘yladim. Shuning uchun…

U qopqoqni ko‘tardi va shildiroq, qizg‘ish, burma qog‘ozni bir chetga itqitdi. Qiz quti ichidagi narsani silab qo‘ydi.

— Mana.

Uolter Grippning ko‘zi xonasidan chiqib ketdi.

— Nima bu? — so‘radi o‘zini bazo‘r tutib.

— Hech narsa bilmagandek gapirasan-a, tentakcha? Qaragin-a, hammasi kashtadan qilingan, hammasi shunday oppoqki, asti qo‘yaverasan, ko‘zing qamashadi…

— O’lay agar buning nimaligini bilolmayapman.

— Nikoh ko‘ylagi, ovsargina!

— Nikoh ko‘ylagi? — yigit xirillab qoldi.

Uolter ko‘zini yumdi. Qizning ovozi xuddi boya telefondagidek mayin, xotirjam, nafis jaranglar edi.

Ammo ko‘zini ochib qarasaki… yigit duduqlanib qoldi.

— Juda chiroyli, — dedi u bazo‘r.

— Rostdanmi?

— Jeneveva. — Yigit eshika tikildi.

— Ha?

— Jeneveva, men senga bir narsani aytib qo‘yishim kerak.

— A?

Qiz unga yaqinlashdi, uning oppoq yuzidan atir burqsib turar edi.

— Senga aytmoqchimanki…

— Xo‘sh?

— Xayr!

Qiz qichqirishga ulgurmayoq yigit pardozxonadan otilib chiqdi-da, mashinasiga borib o‘tirdi.

Qiz tashqariga yugurib chiqdi va yigitning mashinani burib ketayotganiga qaragancha yo‘lak chekkasida qotib qoldi.

— Uolter Griff, qayt! — Ho‘ngrab yig‘lab dedi qiz qo‘lini uzatib.

— Gripp, — to‘g‘riladi yigit.

— Griff! — qichqirdi qiz.

Qizning qadamlari va ingrashlariga ham qaramay, mashina jim-jit ko‘chadan o‘qdek uchib ketdi.

Qiz do‘mboq qo‘llari bilan g‘ijimlayotgan oppoq ko‘ylak uzra mashinaning pag‘a-pag‘a tutunlari suzib yurardi, osmonda esa yulduzlar charaqlar edi. Mashina bo‘shliq ichiga kirib, qorong‘ilikda ko‘zdan yo‘qoldi.

Yigit uch kechayu uch kunduz surunkasiga mashinani haydab bordi. Bir gal orqasidan mashina kelayotgandek tuyulib, vujudini titroq bosdi, qora terga tushdi va u bepoyon Mars cho‘lini kesib o‘tuvchi boshqa ko‘chaga chiqib oldi, yo‘l odamsiz shaharlar yonidan o‘tib borardi. U ketaverdi, ketaverdi — bir hafta yurdi, yana bir kun yurdi, oxiri Merlin-Villijdan o‘n ming mil nariga borib qoldi.

Shunda u mayda do‘konchalari bo‘lgan Xoltving-Springvins degan qishloqqa kirib keldi, bu yerdagi do‘konchalarda u kechqurunlari peshtaxtalarda chiroq yoqa olar, restoranlarida taomlar buyurib, bemalol o‘tira olar edi. Shundan buyon u shunday yashab kelayapti; uning yuz yilga yetgulik oziq-ovqatlar bilan to‘lib-toshgan muzlatgich xonachalari bor. Sigaretalari zaxirasi o‘n ming kunga yetadi, yumshoq to‘shakli a’lo sifatli karavoti ham bor. Yillar o‘taverdi, bordi-yu, qachonlardir unga bitta-yarimta odam telefon qilib qolsa, u javob bermasdi.

Загрузка...